Tanlov Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi hamda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamkorligida maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari oʻrtasida tabiat va atrof-muhitni asrab-avaylashni targʻib qilish maqsadida tashkil etildi. Unda musobaqaning yakuniy bosqichiga qadar yetib kelgan 28 nafar yosh iqtidor egalari ishtirok etdi.
Maʼlumot uchun, joriy yil iyun-iyul oylarida tanlovning saralash bosqichlari oʻtkazildi. Tanlovning maktabgacha taʼlim tashkiloti bosqichida 30 352 nafar tarbiyalanuvchilar oʻzlarining ijodiy ishlari bilan qatnashishdi. Ularning 18 057 nafari oʻgʻil bola, 12 295 nafari esa qiz bolalardir. Tanlovning tuman (shahar) bosqichi 7 375 nafar, viloyat bosqichi esa 416 nafar tarbiyalanuvchini qamrab oldi.
Tanlov davomida yosh ishtirokchilar tabiiy resurslarni asrash, suvni ifloslantirmaslik, atrof-muhitni toza saqlash, hayvonlar va qushlarga gʻamxoʻrlik qilish, ekologik madaniyatni shakllantirishga qaratilgan suratlar chizdilar. Yakunda quyidagi ishtirokchilar gʻolib deb topildi:
Oʻgʻil bolalar oʻrtasida:
1-oʻrin — Mustafo Abdurahmonov (Andijon viloyati Paxtaobod tumanidagi 7-DMTT tarbiyalanuvchisi);
2-oʻrin — Ulugʻbek Akbarov (Samarqand viloyati Kattaqoʻrgʻon tumanidagi 31-DMTT tarbiyalanuvchisi)
3-oʻrin — Habibullo Madatov (Navoiy viloyati Navbahor tumanidagi 4-DMTT tarbiyalanuvchisi).
Qizlar oʻrtasida:
1-oʻrin — Aysanem Saparbayeva (Qoraqalpogʻiston Respublikasi Nukus shahridagi 35-DMTT tarbiyalanuvchisi);
2-oʻrin — Zilola Sultonmurodova (Samarqand viloyati Samarqand tumanidagi 2-DMTT tarbiyalanuvchisi)
3-oʻrin — Saodat Doʻstmurodova (Buxoro viloyati Peshku tumanidagi 19-DMTT tarbiyalanuvchisi).
Yakunda tanlov gʻoliblariga diplom hamda qimmatbaho sovgʻalar topshirildi, deb xabar beradi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi matbuot xizmati.








