Yer sayyorasida hayotning paydo boʻlishida ham bosh omil suv boʻlganini yaxshi bilamiz.

Bugun ana shu tiriklik manbai zaxirasi tugab borayotgani oʻta tashvishli va xavotirli muammoga aylangan. Buni faqat OAV hamda ijtimoiy tarmoqlarda keltirilayotgan fakt va raqamlar orqaligina emas, balki kundalik turmushda, yil sayin choʻllanish, qurgʻoqchilik kuchayib borayotgan muhitda yashab, koʻrib, oʻz hayotimizda his etib turibmiz. Xullas, tiriklik manbaining oʻzi bugun xavf ostida.

Yer yuzining 71 foizi suv bilan qop­langan. Jami suv miqdorining 97 foizdan ortiqrogʻi okeanlardagi shoʻr suvdan iborat. Chuchuk suv esa atigi 3 foizdan ham kam. Uning 70 foizga yaqini qutblardagi muzlik­larda jamlangan. Ichishga yaroqli suv manbai­ning asosiy qismi yer ostida toʻplangan. Yer yuzasidagi ochiq chuchuk suv manbalari 1 foizdan ham kamroq.

“Ekologiya” milliy axborot agentligi (NIA-ECO) tadqiqot natijalarida qayd etilishicha, chuchuk suv yoʻqotilishining 68 foizi yer osti manbalariga, 18 foizi yer usti suvlariga, 5 foizi qor zaxiralari kamayishiga toʻgʻri kelayotir. Global isishning yil sayin kuchayib borayotgani barcha suv manbalari — yer osti va yer usti suvlari, hatto “abadiy”lik maqomini yoʻqotayotgan qutb muzliklarining yuqori surʼatda ­kamayib ketishiga sabab boʻlmoqda.

Sabablar

Sanoatning rivojlanishi, atmosferaga toʻxtovsiz va haddan ziyod miqdorda issiq­xona gazlari chiqarilayotgani iqlim oʻzgarishini keltirib chiqardi. Bu esa, oʻz navbatida, barcha sohalar, ayniqsa, qishloq xoʻjaligi, sanoatda suv isteʼmolini kuchaytirgan. Ayni paytda dunyo aholisi soni 8 milliard 250 milliondan oshib ketgan.

Suv resurslarining kamayishi ­tabiiy ravishda hosildorlik tushib ketishi, oziq-ovqat mahsulotlari narxining oshishi hamda taqchillikka sabab boʻladi. Xullas, ­eʼtibor berilsa, bular barchasi  oʻzaro bogʻliq masalalar. Buning ustiga suvdan samarasiz foydalanish, yer osti va yer usti resurslarining inson omili tomonidan ifloslanishi muam­moni battar chuqurlashtirmoqda.

Hisob-kitoblarga koʻra, oilada bir kishi har kuni yuz-qoʻl yuvishga oʻrtacha
8 litr, joʻmrakni ochib qoʻyib tish tozalashga 6-8 litr, yuvinishga bir daqiqada
15-20 litr, vannada choʻmilishga 150 litr suv sarflaydi. Endi raqamlarni oila aʼzolari soniga, undan soʻng 365 kunga koʻpaytirib koʻring. Yurtimizdagi xonadonlar va aholi sonini ham esdan chiqarmang. Ana shunda goʻyo arzimasdek koʻringan muammo qay darajada ulkan xavotirni, aniqrogʻi, suv isrofgarchiligini keltirib chiqarayotganini tasavvur etish qiyin emas.

Qanday chora-tadbirlar koʻrilayotir?

Dunyo hamjamiyati suvni asrab-avaylash uchun texnologik, infratuzilmaviy va bosh­qaruv choralari yordamida kurashmoqda. Jumladan, gidrotexnik inshootlar va tomchilatib sugʻorish qurilmalari tatbiq etilyapti, qishloq xoʻjaligida suvdan samarali foydalanishning ilgʻor usullari keng koʻlamda joriy etilmoqda. Suv resurslarini mahalliy va xalqaro miqyosda boshqarish sifatini oshirishga harakat qilinyapti. Eng muhimi, kun tartibiga chiqqan bu “qaynoq” masalani bir mamlakat yoki bir mintaqa ­doirasida hal qilib boʻlmasligini hamma anglab, davlatlar hamjihatlikda, hamkorlikda kutilgan maqsadga erishish mumkin degan mantiq bilan harakatlanayotir.

Tashabbus va xalqaro eʼtirof

Prezidentimiz Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvida suv xavfsizligi masalasini strategik ustuvor yoʻnalish sifatida belgilab,
2026-2036-yillarni “Markaziy Osiyoda suvdan oqilona foydalanish boʻyicha amaliy harakatlar oʻn yilligi” deb eʼlon qilish tashabbusini ilgari surdi. Bu ezgu tashabbusga hamohang tarzda boʻlib oʻtgan konferensiyada Oʻzbekis­tonning yangi Suv kodeksi taqdim etildi. Mazkur huquqiy hujjatda mamlakatimizda suvdan oqilona foydalanish, sohani tartibga solish, muhofaza qilish, yer usti va yer osti suvlarini oʻzaro bogʻliq holda boshqarishga oid masalalar majmuaviy holatda yoritib berilgan. Bu hujjatni chet ellik ekspertlar “tarixiy qadam” sifatida baholagani ham OAV va ijtimoiy tarmoqlarda qayd etildi.

Odatda masʼullar hisobotiga koʻra, taj­ribali ekspertlar bahosi xolisroqdir. Shu maʼnoda, tadbirda ishtirok etgan hamkor mutaxassis — Osiyo taraqqiyot bankining Loyihalarni boshqarish boʻlimi rahbari Januar Laude fikrlarini keltirib oʻtishni joiz deb bildik. U Markaziy Osiyoda suv tanqisligi muammosiga strategik yondashuv, yetakchilik va hamkorlik zarurligini aytib, bunday dedi:

— Osiyo taraqqiyot banki Oʻzbekiston hukumati va Suv xoʻjaligi vazirligi bilan suv sektorini zamonaviy, samarali va iqlimga chidamli tizimga aylantirish yoʻlida uzoq yillik loyihalar va dasturlarda, jumladan, yangi Suv kodeksini tayyorlashda faol ishtirok etdi. Ushbu hujjatlar suv resurslarini integratsiyalashgan boshqarish, shaffof taqsimot, raqamlashtirish va barqarorlik prinsiplari asosida tizimni tubdan yangilashga zamin yaratdi. Yangi kodeks institutsional vakolatlarni aniq belgilab, suv foydalanuvchilari ishtirokini kengaytirdi va ekologik hamda iqtisodiy tamoyillarni boshqaruvga integratsiya qildi. OTB kelgusida ham vazirlik bilan yaqin hamkorlikni davom ettirib, 2050-yilgacha moʻljallangan suv sektorini rivojlantirish strategiyasi va milliy suv xavfsizligi dasturini ishlab chiqishda amaliy yordam beradi. Oʻzbekiston hukumati yetakchiligi va olib borayotgan islohotlarini yuqori baholaymiz. OTB esa bu boradagi tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlaydi.

Suv tanqisligi muammosi ayrim mamlakatlar emas, butun dunyo aholisiga xavf solayotgani aniq-ravshan koʻrinib qoldi. Bu mavzuda gapirganda baʼzi koʻllar qurib qolayotgani, ayrimlari qurgʻoqchilik va ifloslanish xavfi ostida ekani haqida tashvishli maʼlumotga tez-tez koʻzimiz tushadi. Dunyo boʻyicha bunday oʻnglanmas holatga tushgan jami irmoqlar, anhoru buloqlarni hisob­lab chiqish mushkul ekanini taʼkidlamoqda mutaxassislar.

Albatta, dunyo hamjamiyati bunday salbiy oʻzgarishlarning oldini olish uchun birgalikda turli loyihalarni amalga oshirishga kirishgan. Tabiatni asrash, muhofaza qilish borasida turli darajada imkoniyatga ega mamlakatlar tobora jipslashayotir. Mavjud texnologiya va ilm-fan yutuqlari, ilmiy tadqiqot xulosalari ushbu muammoni hal etishga yoʻnaltirilayotgani ham koʻngilga qisman taskin beradi. Ammo bu masalani barchamizning burchimiz sifatida qabul qilar ekanmiz, uni keyingi avlodlarga qay darajada yetkazib bera olyapmiz degan savol tugʻiladi. Axir suv bilan bogʻliq yuksak qad­riyatlar va qarashlarimiz susayib ketganini ham tan olish kerak. Kelajakda shunday davom etaversa, yana qanday ogʻir muammolarga duch kelamiz? Tabiat esa bu muammolarga ­eʼtiborsizlikni kechirmaydi.

Rustam BOYTOʻRA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri