Tabiat musaffoligiga yo'naltirilgan yana bir muhim tadbir

    Ishlatib bo'lingan, yaroqsiz batareykalarni yig'ish uchun maxsus konteynerlar o'rnatilmoqda.

    Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi tomonidan ishlatib boʻlingan, yaroqsiz batareykalarni yigʻish, qayta ishlash masalalariga bagʻishlab press-tur tashkil etdi. Bu haqda qoʻmitaning axborot xizmati xabar berdi.

    Statistik maʼlumotlarga koʻra batareyka va ularning birlamchi qismlarini import qilish yiliga oʻrtacha 65 million donani (144 tn) tashkil etadi. Ushbu turdagi tovarlarning foydalanish muddati qisqaligini inobatga olgan holda (1 oydan-2 yilgacha), ulardan hosil boʻladigan chiqindilarning prognozi yiliga 70 tonna atrofida deb hisoblash mumkin.

    Maʼlumot uchun: mutaxassislarning hisob – kitoblariga koʻra, bir dona tashlab yuborilgan oʻrtacha soat batareykasi 20 m2 yerni ogʻir metallar bilan ifloslantirishi mumkin.

    Batareykalar tarkibida koʻp turdagi simob, nikel, kadmiy, qoʻrgʻoshin, litiy, marganes va rux kabi tirik organizmlar, shu jumladan, inson organizmida toʻplanish xususiyatiga ega boʻlgan va jiddiy zarar yetkazadigan metallar mavjud.

    Chiqindi qutilariga (konteynerlarga) beixtiyor tashlangan batareykalar qattiq maishiy chiqindilar bilan birga chiqindixona va poligonlarga olib ketiladi va u yerda yemirilish natijasida batareykalardan ogʻir metallar ajralib chiqib yer osti suvlariga kirib boradi. Yoki yonish jarayonida ham faol tarzda, nafaqat tutun orqali, balki yomgʻir suvlari orqali ham inson organizmiga kirib boruvchi dioksinlar deb ataluvchi toksik moddalarni ajratib chiqaradi. Keyinchalik zanjir tarzida tuproq, suv va oʻsimliklarga oʻtib boradi.

    Ishlatib boʻlingan batareykalar tarkibida zaharli moddalar boʻlganligi tufayli ularni umumiy chiqindilarga tashlamaslik kerak. Agar ular boshqa maishiy chiqindilar orasida poligonga tushib qolsa, u holda qoplama asta-sekin yemiriladi va xavfli unsurlar tuproq, yer osti suvlari, soʻngra yer usti suvlariga qoʻshilib ketadi. Agar batareyka chiqindilar yondiriladigan zavodga tushsa, zararli birikmalar havoni ifloslantiradi.

    2020-yil Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi butun mamlakat boʻylab keyinchalik utilizatsiya qilish maqsadida ishlatilgan batareykalarni yigʻish uchun konteynerlarni oʻrnatish tashabbusi bilan chiqdi.

    “Toza hudud” va “Maxsustrans” DUKning 701 ta chiqindilarni yigʻish punktlarida maxsus idishlar oʻrnatishni boshlash topshirildi. Xuddi shunday taklif sanitar tozalov sohasidagi xususiy kompaniyalarga ham berildi.

    Dastlabki yangi konteynerlarni Toshkentda va Fargʻona viloyatida koʻrish mumkin. Ularni tanib olish juda oson - shakli va koʻrinishidan ular batareykalarni eslatadi.

    Bugungi kunda poytaxtda “Maxsustrans” DUK ning 530 ta va va xususiy sanitar tozalov kompaniyalarining 171 ta konteynerlari paydo boʻldi. Konteynerlar oʻrnatish ishlari davom etmoqda va ular barcha chiqindilarni yigʻish joylarini qamrab oladi.

    Ularni keyingi qayta ishlash masalasi hal qilinishi lozim, chunki respublikada hozircha tegishli ishlab chiqarish quvvatlari yoʻq. Koʻrib chiqilishi kerak boʻlgan yana bir variant – batareykalarni utilizatsiya qilish uchun xorijga yuborish. Xullas, atrof-muhim muhofazasi sohasida yana bir muhim loyiha boʻyicha ishlar boshlandi. Ishonchimiz komilki, bu saʼy-harakatlar kelajak avlodlarga ona tabiatni bezavol yetkazishdek ezgu maqsadlarimiz roʻyobi yoʻlida yana bir muhim qadam boʻladi.