Unda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2021 yilning 30 dekabr` kuni imzolangan “Respublikada ko'kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoni, shuningdek, “Atrof-muhitni muhofaza qilish hamda ekologik nazorat sohasidagi davlat organlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarorining mazmun-mohiyati va dolzarb ahamiyati xususida so'z yuritildi.

 Alohida ta'kidlash joizki, Prezident farmoni va qarorida sohada amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlarni yanada chuqurlashtirish va muvaffaqiyatini ta'minlash qator dolzarb vazifalar qo'yilgan. Ushbu vazifalarning ijrochilari va muddatlari aniq ko'rsatilgan.

Farmon bilan davlat o'rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriyning amal qilishi muddatsiz davrga uzaytirildi. Moratoriy talablarini buzganlik uchun ma'muriy jarimalar miqdori besh baravarga, o'simlik dunyosiga etkazilgan zarar summalari ikki baravarga oshirilgan holda qo'llaniladi.

Davlat o'rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarini kesish, kundakov qilish, shikastlantirish yoki yo'q qilishni nazarda tutuvchi ko'rsatmalarni o'z ichiga olgan hukumat farmoyishlari, bayonnomalar, yozma topshiriqlar, idoraviy hujjatlar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining ko'rsatmalari va qarorlarini qabul qilish qat'iyan taqiqlanadi.

 Jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida 2022 yil 1 apreldan boshlab shunday tartib o'rnatiladiki, unga muvofiq aholi tomonidan Ichki ishlar vazirligi va Davlat ekologiya qo'mitasining maxsus axborot tizimiga yuborilgan, daraxtlar, butalar, boshqa o'simliklar va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo'q qilish yoki boshqa joyga ko'chirib o'tkazish bo'yicha huquqbuzarliklar haqidagi fotosurat va videoyozuvlar maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan huquqbuzarliklar holatlari aks ettirilgan fotosurat va videoyozuvlarga tenglashtiriladi hamda Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksda belgilangan tartibda ko'rib chiqiladi. Huquqbuzarlik holatlari to'g'risida asosli xabar berganlar bazaviy hisoblash miqdorining bir baravariga teng miqdordagi pul mukofoti bilan rag'batlantiriladi.

 Mahalliy davlat hokimiyati organlari Yoshlar ishlari agentligi bilan birgalikda har yili kuz va bahor mavsumlarida ko'chat ekish va saqlash ishlarini tashkil etish bo'yicha “yashil haftalik” tadbirlari o'tkaziladi.

 Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari mahalliy byudjetlarning qo'shimcha manbalari va qonunchilikda ta'qiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan aholiga bepul ko'chat tarqatish uchun mahalla fuqarolar yig'inlariga ko'chatlar etkazib beradi hamda “yashil bog'lar” va “yashil jamoat parklari”ga daraxt ekish maqsadida kelgan fuqarolarni ko'chat ekish uchun zarur jihozlar bilan ta'minlaydi.

 Ko'kalamzorlashtirish ishlarida alohida tashabbus ko'rsatgan shaxslarni Davlat ekologiya qo'mitasi tomonidan “Tabiat himoyachisi” ko'krak nishoni bilan taqdirlash amaliyoti joriy etiladi.