Taʼkidlanganidek, parlament soʻrovida koʻtarilgan muammolar boʻyicha yoqilgʻi-energetika tarmogʻidagi mavjud muammolarni bartaraf etish, shu jumladan, isteʼmolchilarning tobora oshib borayotgan tabiiy gazga boʻlgan ehtiyojini qondirish borasida bir qator ishlar amalga oshirilgan.
Biroq aholi bilan muloqotlar, joylardagi oʻrganishlar, tabiiy gaz quvurlari tizimi ahvoli, tarmoqqa oid qonun hujjatlarining ijro etilishi va huquqni qoʻllash amaliyotining tahlili ushbu sohada qator tizimli muammo hamda kamchiliklar hali ham saqlanib qolayotganligini koʻrsatmoqda.
Bugungi kunda “Xududgaztaʼminot” AJ tasarrufida respublika boʻyicha jami 89172,1 km gaz quvurlari mavjud boʻlib, ushbu gaz quvurlarining 20 525,3 km qismi 10 yilgacha, 25 729,2 km qismi 10-25 yilgacha, 42 917,5 km qismi esa 25-30 yillar va undan ortiq muddat foydalanib kelinmoqda.
Shulardan 766,4 km gaz quvurlari oʻz vaqtida almashtirilmaganligi sababli mukammal taʼmirtalab, yaʼni toʻliq yangilash holatiga kelib qolgan. Qayd etish lozimki, ushbu quvurlarni zudlik bilan almashtirish choralari koʻrilmagan taqdirda tabiiy gaz isrofgarchiligi kundan-kun ortib borishi, turli avariyalar va baxtsiz hodisalar sodir boʻlishi mumkin.
“Xududgaztaʼminot” aksiyadorlik jamiyati tomonidan esa 2020-yilda bor yoʻgʻi 68,4 km. gaz tarmoqlari mukammal taʼminlangan va 49,2 km. rekonstruksiya qilingan.
Qolaversa, “Xududgaztaʼminot” AJ tasarrufidagi 16 757,6 km yer osti poʻlat gaz quvurlarini elektro-kimyoviy himoya uchun faqatgina 1305 ta elektr kimyo ximoyalash vositalari ishlatilmoqda. Ushbu vositalarni loyiha asosida taxminan har 2-3 km ga ishlatilishini hisobga olsak yer osti poʻlat gaz quvurlarining bor yoʻgʻi 2610 km qismi, yaʼni 16 foizi elektro-kimyoviy ximoyalangan.
14 147,6 km yer osti poʻlat gaz quvurlari esa umuman ximoyalanmagan.
“Oʻztransgaz” AJ tasarrufidagi magistral gaz quvurlarining loyihalarida koʻzda tutilgan 2 117 ta elektro-kimyoviy himoya stansiyalaridan, bugungi kunda faqatgina 1 097 tasi, ishchi holatda, 761 tasi esa belgilangan talablarga umuman javob bermaydi.
Eng achinarlisi, 25-30 yillik gaz quvurlarini almashtirish imkoni boʻlmayotgan paytda, foydalanuvga yaroqli boʻlgan gaz quvurlarini asrash choralari koʻrilmagan.
Yana bir jihat. Bugungi kunda “Xududgaztaʼminot” AJ tasarrufidagi gaz rostlash punktlarining soni 80 334 tani tashkil etadi. Ulardan 40 mingga yaqini 20-30 yildan ortiq muddat foydalanib kelinmoqda.
Ushbu gaz rostlash punktlariga xizmat koʻrsatuvchi chilangarlarni shtat jadvalini qisqartirilishi natijasida gaz rostlash punktlariga oʻz vaqtida texnik xizmatlar koʻrsatilmayapti.
Gaz rostlash punktlariga oʻz vaqtida texnik xizmatlar koʻrsatilmayotganligi oqibatida koʻplab gaz sizib chiqishi xolatlariga hamda taftish ishlarini sifatsiz bajarilishiga olib kelmoqda.
Masalan, Toshkent viloyatining Toshkent tumanida joylashgan “Toshkenttumangaz” gaz taʼminoti boʻlimi balansidagi 1155 ta gaz rostlash punktlariga texnik xizmat koʻrsatish uchun bor-yoʻgʻi 7 ta chilangar biriktirilgan boʻlib, har bir chilangarga
155-165 tadan gaz rostlash punktlari toʻgʻri kelmoqda. Natijada tabiiy gaz bosimi koʻtarilib ketishi oqibatida yongʻin kelib chiqishiga sabab boʻlmoqda. Belgilangan tartibga koʻra, kuz-qish mavsumlarida gaz rostlash punktlariga xizmat koʻrsatuvchi chilangarlar kamida har ikki kunda bir marotaba nazoratdan oʻtkazishlari lozim.
Shuningdek, gaz rostlash punktlarining aksariyat qismi nosozligi sababli respublika gaz tizimida koʻplab tabiiy gaz yoʻqotishlari kuzatilmoqda. Oqibatda davlat byudjetiga milliardlab zarar keltirmoqda.
Bundan tashqari, “Xududgaztaʼminot” AJga qarashli shahar, tumangaz filiallarining moddiy-texnik bazasi toʻliq va zamonaviy asbob uskunalar hamda maxsus texnika bilan taʼminlanmagan. Oqibatda respublika gaz tizimida sodir boʻlayotgan avariyalar oʻz vaqtida bartaraf etilmaslik holatlari kuzatilmoqda. Bu esa fuqarolarning haqli eʼtirozlariga sabab boʻlmoqda.
Shu bilan birga, “Xududgaztaʼminot” AJga qarashli shahar, tumangaz filiallarining ayrim ishchi xodimlari bilim saviyasi hozirgi talab darajasida emasligi va oʻz vazifalarini toʻliq bajarmayotganliklari sababli respublika gaz tizimida mavjud boʻlgan texnik qurilmalarga sifatli xizmat koʻrsatilmayapti.
Qolaversa, aholining hayoti va mol-mulki, atrof-muhit, turli obyektlar, gaz quvurlari hamda uskunalari xavfsizligiga jiddiy tahdidlardan yana biri – magistral gaz quvurlarining himoya zonalarida noqonuniy qurilmalarning mavjudligidir.
Maʼlumotlarga koʻra, 2020-yilning 1-oktyabr holatiga magistral gaz quvurlarining himoya zonalarida aniqlangan noqonuniy qurilmalar jami 2 425 tani tashkil qiladi. Ularning 1 492 tasini buzish yoki boshqa joyga koʻchirish masalasida sudlarga kiritilgan daʼvo arizalarining 787 tasi qanoatlantirilgan boʻlib, Majburiy ijro byurosi tomonidan atigi 178 tasi yoki 22,6 foizining ijrosi taʼminlangan.
Aniqlangan noqonuniy qurilmalarni buzish yoki boshqa joylarga koʻchirish boʻyicha sud organlariga oʻrnatilgan tartibda daʼvo arizalarini taqdim etish va ularni tahlil qilib borish ishlari “Oʻztransgaz” AJ tomonidan oʻz holiga tashlab qoʻyilgan.
Qayd etish lozimki, noqonuniy qurilmalarni buzish yoki boshqa joylarga koʻchirish boʻyicha sud organlariga oʻrnatilgan tartibda daʼvo arizalarini taqdim etishda birinchi navbatda noqonuniy qurilmalar uchun yer ajratishda masʼul boʻlgan mutasaddilarga, tuman hokimliklariga nisbatan chora koʻrish lozim.
Yana bir jihat. “Oʻztransgaz” aksiyadorlik jamiyati foydalanishdagi aksariyat magistral gaz quvurlarini texnik va maʼnan eskirganligi, ularning diagnostikasi va texnik soz holatda saqlash ishlarini lozim darajada olib borilmayotganligi natijasida avariya sodir boʻlish ehtimoli juda yuqori boʻlishiga qaramasdan, zaxira quvurlar bilan taʼminlash rejasi ham toʻliq bajarilmagan.
Bundan tashqari, Energetika vazirligi rahbariyati aholi murojaatlariga, qolaversa, senator va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi oʻrinbosari tomonidan saylovchilar talabi asosida kiritilgan senatorlik soʻrovlariga e'tiborsizlik bilan yondoshmoqda.
Xususan, joriy yil 24-fevralda senator hamda 4-iyunda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi oʻrinbosari tomonidan Energetika vaziri nomiga Toshkent viloyati Oʻrtachirchiq tumani Toshloq va Oʻrtasaroy mahallalariga gaz taʼminotini yaxshilash uchun 2020-yil kuz-qish mavsumi boshlanguniga qadar Yuqorichirchiq hududidagi “Bektemir” GTSdan alohida tarmoq chiqarib, D-159 mm, uzunligi L-12000 metr gaz quvuri tortish masalasini koʻrib chiqib, ijobiy hal qilish yuzasidan yuborilgan senatorlik soʻrovlariga yuzaki yondoshilib, chuqur oʻrganmasdan “Hududgaztaʼminoti” boshqaruvi raisi birinchi oʻrinbosari bergan maʼlumotnomasini ilova qilgan holda Energetika vaziri oʻrinbosari B.Narmatov imzosi bilan senatga yuzaki xat yuborilgan.
Senator soʻrovida koʻtarilgan hududlarga tabiiy gaz umuman berilmayotgan boʻlsada javob xatida yuqorida qayd etilgan mahallalarda tabiiy gaz taʼminotidan uzilishlar kuzatilgan vaqtida aholi isteʼmolchilariga “Hududgaztaʼminot” AJ tomonidan suyultirilgan gaz yetkazib berish imkoniyati mavjudligi qayd etilgan.
Taʼkidlash lozimki, 2020-yil yanvar-fevral oylarida mazkur hudud aholisining har bir oilasi oyida 20 kg dan suyultirilgan gaz bilan taʼminlanishi lozim boʻlsada, “Hududgaz Toshkent” MCHJ tomonidan tasdiqlangan taqsimot rejasiga asosan har bir oilaga 12,2 kg dan gaz yetkazilgan.
Majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2019-yil 12-oktyabrdagi Qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Tabiiy gaz quvurlari tizimining holati va ushbu sohaga oid qonun hujjatlarining ijro etilishi yuzasidan yuborilgan parlament soʻrovida belgilangan masalalar, muammo va kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha Hukumat tomonidan qabul qilingan chora-tadbirlar dasturi ijrosini taʼminlashga yuzaki yondoshilganligi koʻrsatib oʻtildi.
Shu munosabat bilan Qoʻmita tomonidan navbatdagi yalpi majlis kun tartibiga Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosarining axborotini eshitish masalasini kiritish toʻgʻrisida Senat Kengashiga taklif kiritish yuzasidan qaror qabul qilindi.