Tabiiy gazdan foydalanishda keltirilgan 672 million soʻmlik zarar aniqlandi

    Energetika 13 Yanvar 2021 262

    Oʻtkazilgan oʻrganishlarda 3 ta holatda isteʼmolchilar tomonidan tabiiy gazdan foydalanish qoidalarini qoʻpol ravishda buzilishi natijasida davlat manfaatlariga 672 million soʻmga yaqin zarar yetkazilgan.

    Energetika vazirligi va mutasaddi tashkilotlar tomonidan yanvar oyida Toshkent shahri va Toshkent viloyati hududlarida joylashgan Avtomobillarga gaz toʻldirish kompressor shoxobchalari va issiqxona xoʻjaliklarining gazdan foydalanish holati oʻrganildi.

    Oʻtkazilgan oʻrganishlarda 3 ta holatda isteʼmolchilar tomonidan tabiiy gazdan foydalanish qoidalarini qoʻpol ravishda buzilishi natijasida davlat manfaatlariga 672 million soʻmga yaqin zarar yetkazilgan.

    Jumladan:

    Chinoz tumanida joylashgan “Eko gaz oyl” MCHJga qarashli AGTKSHda, oʻrnatilgan “Auto Pilot Pro” rusumli gaz hisoblagich nuqson bilan ishlayotganligi, shuningdek oʻzboshimchalik bilan qoʻshimcha gaz jihozlari oʻrnatilganligi va shartnomaviy miqdorlardan ortiqcha gaz olayotganligi maʼlum boʻldi.

    Aniqlangan holatlar yuzasidan amalga oshirilgan dastlabki hisob — kitoblarga koʻra, davlat manfaatlariga yetkazilgan zarar miqdori 272,2 million soʻmni tashkil etgan.

    Yangiyoʻl tumanida joylashgan “Petrometan” MCHJga qarashli AGTKSHda, oʻrnatilgan “Auto Pilot Pro” rusumli gaz hisoblagichning konfiguratsiya koʻrsatgichlari boʻyicha shubha uygʻotganligi sababli, hisoblagich davlat ekspertizasidan oʻtkazilganida hisobdon ishga yaroqsiz ekanligi, yaʼni 0,075% xatolik darajasidan 50% dan 90% gacha past koʻrsatkich bilan ishlaganligi maʼlum boʻldi.

    Aniqlangan holatlar yuzasidan amalga oshirilgan dastlabki hisob — kitoblarga koʻra, davlat manfaatlariga yetkazilgan zarar miqdori 152,4 million soʻmni tashkil etgan.

    Toshkent tumanida joylashgan “FOZUSHA” MCHJga qarashli issiqxona xoʻjaligida oʻrnatilgan “PRINS-M G-40” rusumli hisoblagichni tamgʻalari buzilgan va hisoblagich koʻrsatkichlari oʻzboshimchalik bilan ortga qaytarilganligi aniqlandi.

    Aniqlangan holatlar yuzasidan amalga oshirilgan dastlabki hisob -kitoblarga koʻra, davlat manfaatlariga yetkazilgan zarar miqdori 247 million soʻmni tashkil etgan, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.