Tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelgan shaxslar ushlandi

    Respublika va hududiy Shtablar tomonidan Avtomobillarga gaz toʻldirish kompressor shoxobchalarida energiya resurslarini talon-toroj qilinishini fosh etishga qaratilgan nazorat tadbirlari oʻtkazildi.

    Bu haqda Bosh prokuratura habar berdi.

    Oʻtkazilgan nazorat tadbirlari doirasida Sirdaryo tumanida joylashgan “M.G.” MCHJga qarashli AGTKSHda jamiyat mansabdor shaxslari "Avtopilot-Pro" rusumli gazni hisobga olish uskunasining qurilmalariga tashqi taʼsir koʻrsatib 20,5 mlrd. soʻmlik 8,2 mln. kub metr tabiiy gazni oʻgʻirlagani aniqlandi.

    Shuningdek, Sirdaryo tumanidagi "S.A.L." MCHJga qarashli AGTKSHda oʻrnatilgan hisobga olish uskunasining qurilmalariga tashqi taʼsir koʻrsatishi oqibatida 7,9 mlrd. soʻmlik 3 mln. kub metr tabiiy gaz talon-toroj qilingan.

    Hozirda holatlar yuzasidan JKning 169-moddasi, 4-qismi "a" bandi bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, gumonlanuvchi shaxslar protsessual tartibda ushlangan.

    "Faoliyatingiz davomida energiya resurslaridan qonuniy tartibda va oqilona foydalaning. Shuni unutmangki, energoresurslardan qonunga xilof ravishda foydalanish holatlari fosh etiladi va jazo muqarrarligi taʼminlanadi", — deyiladi xabarda.