Tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi

    Energetika vazirligining xabar berishicha, 26 kunda respublika boʻyicha oʻrtacha 1,5 mln xonadonning bir kunlik isteʼmoliga teng miqdordagi tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgani aniqlangan.

    Energetika vazirligi shtabi tomonidan 2022-yil aprel oyining 1-26 kunlari davomida isteʼmolchilarning tabiiy gazdan foydalanish holatlari tahlil qilindi.

    Oʻtkazilgan tadbirlarda, oʻtgan 26 kunda respublika boʻyicha 142 ta holatda ulurji isteʼmolchilar tomonidan amaldagi qoidalarga rioya etmagan holda 5 million 437 ming kub metr hajmdagi tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlangan.

    Buning natijasida, gaz taʼminoti korxonalari manfaatlariga 4 milliard 703 million soʻm zarar yetkazilgan.

    Noqonuniy foydalanish holatlarining eng koʻpi – Buxoro, Jizzax, Namangan va Andijon viloyatlarida aniqlangan.

    Aniqlangan barcha holatlar boʻyicha tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilgan. Bu haqida Energetika vazirligi Matbuot xizmati xabar bermoqda.