Tabiiy resurs tarmoqlariga noqonuniy ulanish holatlari aniqlanmoqda

    Ohak pishirish pechlari va isitish tizimini gaz quvuriga yashirincha ulab, 729,9 ming kub tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.

    Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Samarqand viloyat boshqarmasi GTF Samarqand filiali xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, fuqaro L.S. Urgut erkin iqtisodiy zonasiga tegishli hududda ohak ishlab chiqarish hamda tovuq boqish faoliyati bilan shugʻullanib, ohak pishirish pechlari va isitish tizimini gaz quvuriga yashirincha ulab, 729,9 ming kub tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.

    Shu kabi, Departamentning Paxtachi tumani boʻlimi tomonidan ETK xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, fuqaro K.E. xonadonida tashkil etgan yashirin sexda elektr pechlarni umumiy foydalanishdagi elektr tarmogʻiga ulab, 430,2 ming kVt/s elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.

    Departamentning Chinoz tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, fuqaro E.D. “Nafis” MFYdagi uyida tashkil etgan issiqxonani umumiy foydalanishdagi gaz tarmogʻiga yashirincha ulab, 108 ming kub tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.

    Ushbu qonunbuzilishlar oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 875,8 mln soʻm zarar yetkazilgan.

    Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (oʻgʻrilik) va 185-2-moddasi (elektr, issiqlik energiyasi, gaz, vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.