Xabar berilishicha, Toyloq tumani Ilmobod mahallasida yashovchi fuqaro Loʻbat Eshtoʻxtayeva va Zarina Joʻrayevalar Samarqand viloyati “Suvoqova” davlat unitar korxonasi Toyloq tuman filiali balansida boʻlgan 10 sotix yer maydonini noqonuniy ravishda egallab,  atrofini uzunligi 25 metrdan iborat devor qurib olgan.

Vaholanki, mazkur yer maydonida  ichimlik suvi inshootini qurish boʻyicha Toyloq tumani hokimining 2019-yil 18-apreldagi 1045-sonli qarori qabul qilingan.

Yerga daʼvo qilayotgan fuqaro Eshtoʻxtayeva Loʻbat esa yerga egalik huquqini beruvchi hech qanday hujjat mavjud emas. Shu boisdan Kadastr palatasi Toyloq tuman filiali tomonidan oʻzboshimchalik bilan qurib olgan devorni oʻz xohishi bilan belgilangan muddat ichida buzib, oʻz holiga qaytarib qoʻyish boʻyicha ogohlantirish berilgan. Biroq fuqaro ogohlantirishlarga qaramay noqonuniy qurilgan devorni buzmagan.

Mazkur yer maydoniga ichimlik suvi minorasini qurib, Ilmobod hamda Bunyodkor mahallalari aholisini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash maqsadida joriy yilning 13-noyabr kuni viloyat hamda tuman hokimligi tomonidan tuzilgan ishchi guruh ishtirokida mazkur qurilma buzilib, holat tegishli tartibda rasmiylashtirilgan.

Buzish jarayoniga fuqaro Loʻbat Eshtoʻxtayeva hamda uning qarindoshlari faol qarshilik koʻrsatgan. Jarayonda jamoat tartibini saqlash hamda fuqarolarning xavfsizligini taʼminlash maqsadida IIB xodimlari jalb qilingan.