Biznes-ombudsmanga Andijon shahridagi faoliyat yurituvchi “Green Tex” MCHJ (nomi oʻzgartirilgan) rahbari Andijon viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasiga qilgan murojaatlari boʻyicha javob olmaganligi yuzasidan amaliy yordam berishni soʻrab murojaat qildi.
Aniqlanishicha, Jamiyat tomonidan 2023-yil 3-noyabrda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasiga murojaat qilingan boʻlib, oradan ikki oydan ortiq vaqt oʻtishiga qaramay, murojaatiga javob yuborilmagan.
“Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Qonunning 28-moddasiga koʻra ariza yoki shikoyat masalani mazmunan hal etishi shart boʻlgan davlat organiga, tashkilotga yoki ularning mansabdor shaxsiga kelib tushgan kundan eʼtiboran oʻn besh kun ichida, qoʻshimcha oʻrganish va (yoki) tekshirish, qoʻshimcha hujjatlarni soʻrab olish talab etilganda esa, bir oygacha boʻlgan muddatda koʻrib chiqiladi.
Shu bois, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi mansabdori Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksning 43-moddasiga asosan maʼmuriy javobgarlikka tortildi.