Kuni kecha Yangi Namangan tumani hokimi Jobir Abdullayevning ijtimoiy tarmoqlarda joylangan telefon orqali yozib olingan audio suhbati qizgʻin muhokamalarga sabab boʻldi. Albatta, bu hol nafaqat tumanning, balki Namangan viloyatining shaʼniga nomunosib harakat, deya baholandi.
- Bugun jahon miqyosida yurtimiz haqida soʻz ketganda, “Yangi Oʻzbekiston” iborasi tilga olinib, yangi bosqichdagi islohotlarda viloyatimizning hissasi oʻz mevalarini bera boshlayotgan, erishayotgan yutuqlarimiz Prezidentimiz tomonidan alohida eʼtirof etilayotgan, qolaversa, bizga yuksak ishonch bildirib turilgan bir vaqtda shahrimizni sanoat, tadbirkorlik va kichik biznes asosiy drayver boʻlgan Yangi Namangan tumani rahbarining bu harakatlarini aslo oqlab boʻlmaydi!
Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazakov boshchiligida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2022-yil 15-oktyabrdagi 595-son qarori ijrosi boʻyicha kengaytirilgan muhokama yigʻilishi oʻtkazildi.
Selektor tartibida oʻtkazilgan yigʻilishda viloyat sektor rahbarlari, viloyat hokimining oʻrinbosarlari, maslahatchilari, shahar va tuman sektor rahbarlari, viloyat boshqarmalari, shahar va tuman tashkilotlari rahbarlari, mahalliy Kengash deputatlari, Odob-axloq komissiya aʼzolari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.
Yigʻilishda Yangi Namangan tumani hokimi J.Abdullayevga “Hayfsan” intizomiy jazosi qoʻllanilib, barcha turdagi ragʻbatlantirishlardan mahrum qilindi.
Shuningdek, joriy yil davomida ijtimoiy tarmoqlarda shahar va tumanlar hokimliklari, viloyat boshqarmalari, tegishli tashkilotlar rahbarlarining xatti-harakatlari boʻyicha yoritilgan masalalar ham atroflicha muhokama qilindi.