Murojaatda aytilishicha, jamiyatga tegishli boʻlgan savdo doʻkonining bino-inshootlari Andijon shahar hokimligi tomonidan davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilib, buzilgani sababli kompensatsiya toʻlanmagan.
Oʻrganish davomida jamiyat balansidagi Andijon shahar, Yangi bozor koʻchasida joylashgan qurilish maydoni 740,65 kv.metrni tashkil etgan texnik savdo markazi binosi Prezidentning 2017-yil 27-martdagi “2017-2019-yillar davrida dehqon bozorlarini rekonstruksiya qilish va ularning hududida zamonaviy savdo majmualari qurish dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida buzilishga tushganligi sababli Andijon shahar hokimligi tomonidan kelishuv shartnomasiga asosan olib qoʻyilgan.
Kelishuv shartnomasi shartlari boʻyicha shahar hokimligi buzib tashlangan bino uchun tovon (kompensatsiya) puli evaziga yakka tartibda uy-joy qurish uchun Oltinkoʻl tumani hududidan shahar hokimligi zaxirasiga olingan har biri 400,0 kv. metrdan iborat boʻlgan 40 dona yer uchastkasini ajratib berish majburiyatini olgan. Shunga koʻra, 2018-yil davomida hokimlik tomonidan jami 26 ta belgilangan yer uchastkalari hokim qarori asosida ajratib berilgan. Biroq shu kunga qadar shartnoma shartlari toʻliq bajarilmagan yoki oʻrniga kompensatsiya puli toʻlab berilmagan.
Oʻrganish davomida Respublika sud ekspertiza markazining viloyat boʻlimi ekspertining xulosasiga asosan 400,0 kv.metr yer maydonining bugungi kundagi bozor bahosi 136 million 178 ming 408 soʻm etib belgilab berilgan.
Vaholanki, oʻsha davrda amalda boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 29-maydagi 97-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qoʻyilishi munosabati bilan fuqarolarga va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomning 2 va 8-bandlariga muvofiq yer uchastkalarini olib qoʻyish kompensatsiyaning turlari koʻrsatilgan. Shunga qaramasdan shu va boshqa qonun hamda qonunosti hujjatlariga rioya qilinmaslik natijasida shartnoma shartlari bajarilishi kechiktirilgan.
Mazkur holat yuzasidan Andijon shahar adliya boʻlimi tomonidan jamiyat manfaatini koʻzlab hokimlik tomonidan buzdirilgan bino va inshootlar uchun kompensatsiya toʻlovlari hamda ekspertiza xarajatlarini undirib berish haqida Andijon tumanlararo iqtisodiy sudiga daʼvo ariza kiritildi. Sud mazkur ish yuzasidan toʻplangan hujjatlarni oʻrganib chiqib, shahar hokimligidan jamiyat foydasiga jami 1 milliard 909 million 11 ming 712 soʻm kompensatsiya undirish toʻgʻrisida hal qiluv qarorini qabul qildi.
Azizbek Raupov,
Andijon shahar adliya
boʻlimi bosh maslahatchisi