Sirdaryo viloyatida faoliyat yurituvchi “Globus” MCHJ Guliston shahar hokimligining xatti-harakatidan norozi bo'lib Biznes-ombudsmanga murojaat qilgan. Bu haqida tashkilot o'z rasmiy saytida xabar berdi.
Ma'lum bo'lishicha, Jamiyatga Guliston shahar hokimining 2017-yildagi qaroriga asosan 1,343 gektar yer maydoni ajratilgan bo'lib, ushbu hududda avtomobillarga texnik xizmat ko'rsatish shaxobchasi faoliyati yo'lga qo'yilgan edi. Vaholanki, shahar hokimining 2021-yildagi qarori bilan mazkur hudud buzilish zonasiga tushgan, ammo tadbirkorga kompensatsiya to'lovlari to'liq amalga oshirilmagan. Ta'kidlash lozim, tadbirkorga tegishli mulk mustaqil baholaydigan korxona tomonidan 2,9 milliard so'mga baholangan.
Ushbu holat yuzasidan Biznes-ombudsman tomonidan Guliston tumanlararo iqtisodiy sudiga da'vo ariza kiritilib, sud qarori bilan Guliston shahar hokimligiga “Globus” MCHJga 2,7 milliard so'm kompensatsiya to'lab berish vazifasi yuklatildi.