Tadbirkorga 500 000 AQSH dollarlik shartnoma vaʼda qilgan firibgar ushlandi

    Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Shayxontohur tumani boʻlimi, DXX va IIBB xodimlari hamkorligida tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini himoya qilish yuzasidan tezkor tadbir oʻtkazildi.

    Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

    Oʻtkazilgan tezkor tadbirda “S.S.” MCHJ rahbari N.Sh. (muqaddam sudlangan) tadbirkor U.I.ga tanishlari yordamida “L.Y.” korxonasi bilan 500 000 AQSH dollari miqdorida qurilish ishlarini bajarish yuzasidan shartnoma tuzib, buyurtma olib berishi evaziga shartnoma qiymatining 10 foizi miqdorida pul berishi kerakligini aytib, 50 000 AQSH dollarini firibgarlik yoʻli bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

    Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.