Tadbirkorlar DXSH asosida Kunlik mehnat markazlarini tashkil etishlari mumkin

    Ijtimoiy hayot 11 Avgust 2021 1152

    Toshkent shahri Yashnobod tumani “Qoʻyliq” bozori atrofida vaqtinchalik ishlarda ishlash maqsadida fuqarolarning, shu jumladan, xotin-qizlarning toʻplanishi koʻp kuzatiladi.

    Bunday holatni shahrimizning boshqa hududlarida ham uchratish mumkin. Mazkur fuqarolarni vaqtinchalik ishlarga jalb qilishni samarali tashkil etish maqsadida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Toshkent shahri Yashnobod tumanida joylashgan Kunlik mehnat markazi faoliyatini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida tashkil etish uchun Respublikadagi barcha tadbirkorlik subyektlarini taklif etadi, deb xabar beradi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.

    Kunlik mehnat markazini DXSH asosida tashkil etish uchun:

    - qisqa raqamli Tezkor aloqa xizmatini (call markazni) tashkil etish;
    — tezkor aloqa xizmati orqali jismoniy va yuridik shaxslardan fuqarolarni vaqtincha ishlarga yollash boʻyicha buyurtmalar olish;
    — bir kun davomida kamida 25 nafar ishsiz fuqarolarni ayniqsa xotin qizlarni vaqtinchalik ishlarga jalb qilish;
    — ishchilarni ish joyiga olib borish va olib kelish uchun kamida 2 dona transport vositasiga ega boʻlish;
    — vaqtincha ishlarda ishlovchi fuqarolar uchun kamida 20 oʻrinli pullik xizmat koʻrsatuvchi yotoqxona qurish;
    — vaqtinchalik ishlovchi fuqarolar uchun kamida 100 kishilik arzonlashtirilgan narxlarda xizmat koʻrsatuvchi oshxonani tashkil etish;
    — fuqarolarga mehnat qurollari, shaxsiy himoya vositalari va maxsus kiyimlarni ijaraga berishni yoʻlga qoʻyish;
    — onlayn xizmatlar koʻrsatishni yoʻlga qoʻyish uchun Markaz veb saytini yaratish;
    — keng qamrovli axborot-targʻibot va reklama xizmatini yoʻlga qoʻyish uchun barcha ijtimoiy tarmoqlarda (Facebook, Telegram, Instagram va h.k.) oʻz manziliga ega boʻlishi.
    Loyihalar yuzasidan xususiy sherik tanlovi mamlakatimiz qonunchiligida belgilangan tatib-qoidalar asosida amalga oshiriladi. Shuningdek xabar orqali (+998 71) 239-41-21 telefon raqami orqali murojaat qilish mumkinligi maʼlum qilingan.