Tadbirkorlik sohasida davlat nazorati bilan bog'liq katta hajmdagi ma'lumotlarni yig'ish, tahlil qilish va qayta ishlash imkonini beruvchi “Yagona davlat nazorati” axborot tizimi ishga tushirilgan. Mazkur tizim bilan tadbirkorlarda o'tkazilgan va o'tkazilishi rejalashtirilayotgan tekshiruvlar haqida maxsus mobil ilova, telegram kanal va sms xabar orqali tegishli ma'lumotlarni olish imkoniyati yaratildi. Shu bilan birga, tizim orqali tadbirkorlarda o'tkazilgan tekshiruvlar bo'yicha nazorat organi xodimining xatti-harakatiga baho berish va korruptsiya holatlari haqida xabar berish mumkin. Shuningdek, Tekshiruvlarni ro'yxatga olish kitobi elektron formatda qayta tiklanganligi ma'lum qilinadi.
Nazorat qiluvchi organlarning tadbirkorlar faoliyatini tekshirish huquqiga ega mansabdor shaxslari haqida ma'lumotlar shakllantirildi. Bu orqali tadbirkorlar nazorat qiluvchi organ mansabdor shaxslarning tegishli ma'lumotlarini tizimga kiritish orqali ularni nazorat tadbirlarini o'tkazishga vakolati bor yoki yo'qligini aniqlash mumkin bo'ladi. Bugungi kunda, 39 ta Nazorat qiluvchi organning tadbirkorlar faoliyatini tekshirish huquqiga ega 17 mingdan ziyod mansabdor shaxslari haqida ma'lumotlar reestrga kiritildi.
Shu bilan birga, tadbirkorlik sub'ektlari faoliyatida o'tkazishi mumkin bo'lgan tekshiruv turlari, nazorat funktsiyalari va majburiy talablar yagona reestri yaratildi. Hozirgi kunda, reestrda barcha nazorat qiluvchi organlarining 500 dan ortiq nazorat vakolatlari va 46 443 ta majburiy bo'lgan talablar ro'yxati shakllantirilib tizimga kiritildi. Bundan tashqari, tadbirkorlar faoliyati ustidan davlat nazoratini amalga oshirishda yagona huquqni qo'llash amaliyotini ta'minlash maqsadida, 40 ta nazorat qiluvchi organlarning 9 837 nafar mansabdor shaxslari ishtirokida jami 210 ta o'quv seminarlari tashkil etildi.
Tadbirkorlar faoliyatida tekshirishlarni o'tkazuvchi xodimlarning malaka va professionallik darajasini baholash maqsadida 22 ta nazorat qiluvchi organlarning 4 370 nafar xodimlari attestatsiyadan o'tkazilib, ularning 3 652 nafari (83,5 foizi) tadbirkorlar faoliyatida tekshiruvlar o'tkazishda etarli malakaga ega deb topildi.