Tadbirkorlar foydasiga 7 milliard 681 million soʻm mablagʻ undirilgan

    134 ta nizolar koʻrilib, ularning buzilgan huquqlari tiklandi.

    Mamlakatimizda, tadbirkorlikni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish davlat siyosati darajasiga koʻtarilgan bir davrda, afsuski baʼzida tadbirkorni huquqlari va qonuniy manfaatlariga eʼtiborsiz boʻlish, unga turli yoʻllar bilan tazyiq oʻtkazish holatlari ham uchrab turibdi.

    Bu borada sudlar tomonidan tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari ustuvorligini, ular faoliyatiga noqonuniy aralashganlik va toʻsqinlik qilganlik uchun mansabdor shaxslarning javobgarligi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari normalarining soʻzsiz bajarilishini, mulk va boshqa mulkiy huquqlar buzilishiga yoʻl qoʻyilmasligi tamoyillariga qatʼiy rioya qilinishi taʼminlanib kelinmoqda.

    Xususan, Navoiy viloyati tumanlararo (tuman) iqtisodiy sudlari tomonidan 2021-yilning 1-choragida tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish va ularning faoliyatiga toʻsiq boʻlayotgan holatlarni bartaraf etishga qaratilgan 134 ta nizolar koʻrilib, ularning buzilgan huquqlari tiklandi.

    Tadbirkorlik subyektlari tomonidan taqdim etilgan 66 ta daʼvo ariza (ariza)lar qanoatlantirilib, ularning foydasiga 7 mlrd. 681 mln. soʻm mablagʻlar undirish haqida sudning qarorlari qabul qilindi.

    Daʼvogar (arizachi)lar tomonidan tadbirkorlik subyektlariga nisbatan asossiz kiritilgan daʼvo ariza (ariza)larning 52 tasi qanoatlantirish rad etilib, 16 tasi boʻyicha daʼvolar koʻrmasdan qoldirildi va ish yuritish tugatildi.

    Sudlar faoliyatida odil sudlovni amalga oshirishda, qonun ustuvorligini, ijtimoiy adolatni, fuqarolar tinchligi va totuvligini taʼminlashga, shu bilan birga fuqarolar hamda tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish va ularning faoliyatiga toʻsiq boʻlayotgan holatlarni bartaraf etishga qaratilmoqda.

    Aziza Roʻziyeva
    Navoiy viloyat sudi jamoatchilik va
    OAV bilan aloqalar boʻyicha bosh konsultanti