Tadbirkorlar manfaati qonuniy himoya qilindi

    Tashvishli xabar 6 Avgust 2021 1853

    Tadbirkorlarga 903 million soʻmlik noreal qarzdorlik hisoblagan Hududgaz xodimlariga nisbatan jinoiy ishi qoʻzgʻatildi.

    Jizzax viloyatida faoliyat koʻrsatuvchi bir guruh tadbirkorlik subyektlari ularga nisbatan noqonuniy ravishda qarzdorlik hisoblanganligi va ular asossiz gaz tarmogʻidan uzilganligidan norozi boʻlib, Biznes-ombudsmanga murojaat qildi.

    Aniqlanishicha, “Hududgaz Jizzax” xodimlari tomonidan tabiiy gaz sarfini hisobga oluvchi “Fossa” dasturiga yuqoridagi tadbirkorlik subyektlarining hisobiga qariyb 903 million soʻmlik noreal qarzdorlik kiritilgan.

    Ushbu holat yuzasidan Biznes-ombudsman tomonidan “Hududgaz Jizzax” gaz taʼminoti filiali mansabdor shaxslari va boshqalarning harakatlariga qonuniy baho berish va ularga nisbatan jinoiy ish qoʻzgʻatish taklifi viloyat prokuraturasiga yuborildi.

    Biznes-ombudsmanning taklifi boʻyicha tergovga qadar tekshiruv harakatlari amalga oshirilib, natijada “Hududgaz Jizzax” gaz taʼminoti filiali, “Hududgaz Metrologiya” filiali Jizzax boʻlimi mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 205-moddasi 2-qismi va 209-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

    Hozirda jinoyat ishi boʻyicha dastlabki tergov harakatlari olib borilyapti.