Xususan, “Zelal Tekstil” masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi qoʻshma korxona trikotaj matolar ishlab chiqarish sohasidagi yirik korxonalardan biri hisoblanadi.
“Arkbuloq” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti xodimlari korxonaning eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishda korxona vakillariga amaliy yordam berib kelishmoqda.
Toshkent shahar bojxona boshqarmasi boshligʻi T.Saidov korxonaga tashrif buyurib, korxonaning faoliyati, uning eksport koʻrsatkichlari, eksport-import operatsiyalaridagi uchrayotgan muammolari va kelgusidagi sohaviy rejalari bilan yaqindan tanishdi.
– Oʻzbekistonda 2016-yildan buyon hamkorlikda faoliyat olib bormoqdamiz, – deydi korxona rahbari Firat Deni, – Korxona tashkil etilgan dastlabki yillarda ishlab chiqarish hajmi ancha kam va ishchilar soni ham shunga yarasha edi. Bugun tadbirkorlik subyektlari va biz kabi investorlarga yaratib berilgan imkoniyatlar sabab faoliyatimiz tubdan oʻzgardi. Bu uchun albatta tashakkur aytamiz. Hozirda korxonamiz bir kecha-kunduzda qariyb 100 tonna ip-kalavadan tayyor mato ishlab chiqarish quvvatiga ega. Texnologik jihozlarimiz zamonaviy va xorijdan bojxona imtiyozlari bilan keltirilgan. Mahsulotlarimiz eksportida hech qanday muammo yoʻq. Hujjatlar aylanmasi onlayn boʻlib, eksportda bojxona rasmiylaщtiruvi vaqt sarfiga 2 soat ketmoqda.
Mazkur korxonaga oʻrnatilgan zamonaviy texnologik asbob-uskunalar yordamida ishlab chiqarilayotgan trikotaj matolar asosan Rossiya Federatsiyasi, Ukraina, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Ozarbayjon va Armaniston davlatlariga eksport qilinmoqda.