Tadbirkorlar yangicha yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlanadi

    Biznes 29 Sentabr 2025 1370

    Prezidentning “Tadbirkorlik subyektlarini yangicha yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni (PF–176-son, 26.09.2025-y.) qabul qilindi.

    Farmonni qabul qilishdan koʻzlangan maqsad etib 2026–2027-yillarda “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ tomonidan 4 trln soʻmlik moliyaviy qoʻllab-quvvatlash choralarini taqdim etish orqali 5 mingta tadbirkorlik loyihalarini amalga oshirish belgilandi.

    Farmonga koʻra, 2025-yil 1-noyabrdan Kompaniya tomonidan tadbirkorlarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan quyidagi qoʻshimcha instrumentlar joriy etiladi:

    • tadbirkorlarni “chempion” tadbirkor toifasiga olib chiqishga koʻmaklashish uchun ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish loyihalariga tijorat banklari orqali 10 mlrd soʻmgacha kreditlar ajratish uchun resurs joylashtirish;
    • kichik tadbirkorlik subyektlarining ishlab chiqarish, xizmat koʻrsatish va “yashil” iqtisodiyot yoʻnalishidagi mikroloyihalariga tijorat banklari tomonidan 500 mln soʻmgacha ajratilgan kreditlarni quyidagi shart va hollarda qayta moliyalashtirish:
    • ajratilgan kreditning foiz stavkasini 6 foizgacha, biroq Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkagacha kamaytirish;
    • kamida 1-yil faoliyat yuritgan va 2 nafar xodimi boʻlgan tadbirkorlarining 5 ta va undan ortiq yangi ish oʻrinlarini yaratishni nazarda tutgan loyihalariga taqdim etish.

    Farmonga koʻra, 2025-yil 1-dekabrdan Kompaniya tomonidan qoʻshimcha ravishda kafolat yoki kafillik quyidagi shartlarda taqdim etilishi belgilandi, jumladan:

    • yirik tadbirkorlarga 10 mlrd soʻmgacha, biroq kredit, lizing, bank kafolati va akkreditivlarning 50 foizidan ortiq boʻlmagan miqdorda;
    • oʻrta va yirik tadbirkorlarning ishlab chiqarish, xizmat koʻrsatish va “yashil” iqtisodiyot yoʻnalishidagi yirik loyihalariga ularning aylanmasidan kelib chiqib, 10 mlrd soʻmdan ortiq boʻlgan miqdorda;
    • avval kafillikdan ijobiy foydalangan va yaxshi kredit tarixiga ega boʻlgan tadbirkorlarga amalda belgilangan kafillik miqdorini 1,5 baravargacha oshirgan holda;
    • 2026-yil 1-yanvardan olis va borish qiyin boʻlgan hududlarda roʻyxatdan oʻtgan kichik va oʻrta tadbirkorlarga ajratilgan kreditlarning mos ravishda 1,5 mlrd soʻmgacha va 5 mlrd soʻmgacha boʻlgan qismini Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkasigacha qayta moliyalashtirish orqali kompensatsiya taqdim etiladi.

    Bunda Kambagʻal oilalar reyestriga kiritilgan oilalarning aʼzolari tadbirkorlarda band boʻlgan xodimlarning kamida:

    • 5 nafarini tashkil qilganda – 2 foizgacha;
    • 10 nafarini tashkil qilganda – 4 foizgacha;
    • 20 nafarini tashkil qilganda – 6 foizgacha miqdorda qayta moliyalashtiriladi.