Davlat xavfsizlik xizmati xabar berishicha, ushbu mansabdor shaxslar eshik va romlar ishlab chiqaruvchi oilaviy korxonada tekshiruv oʻtkazib, goʻyoki korxona har oyda kam miqdorda soliq toʻlab kelayotgani vaji bilan toʻlanmagan soliqlar uchun jarima qoʻllamaslik evaziga 10 mln soʻm talab qilgan.
DXXning Toshkent shahar boʻyicha boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda soliqchilar soʻralgan pul mablagʻini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Qayd etilishicha, hozirda ularga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi (pora olish) 2-qismi “v”, “g” bandlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.








