Tadbirkorlarga nasos va suvni chuchuklashtiruvchi uskunalarni xarid qilganlik uchun kompensatsiya beriladi

    Urbanizatsiya 26 Sentabr 2020 650

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv tizimini yana-da takomillashtirish hamda sohadagi investitsiya loyihalari samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni (PF–6074-son, 25.09.2020-y.) qabul qilindi.

    Farmonga muvofiq, 2020-yil 1-oktyabrdan:

    ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv sohasida investitsiya loyihalari boʻyicha takliflar mahalliy Kengashlar roziligi bilan amalga oshiriladi;

    suv taʼminoti va oqova suv xizmatlari uchun tartibga solinadigan narxlar monopoliyaga qarshi kurashish va narxlarni tartibga solish organlari xulosalari olinib, mahalliy Kengashlar qarori bilan maʼqullangandan soʻng tasdiqlanadi.

    Farmonga koʻra, 2021–2022-yillarda 30 ta tuman va shaharlarning ichimlik suvi taʼminoti tizimlari tadbirkorlarga davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida topshiriladi.

    2021-yil 1-yanvardan tadbirkorlarga nasos va suvni chuchuklashtiruvchi uskunalarni xarid qilish uchun:

    milliy valyutadagi kreditlarning 10 milliard soʻmdan oshmagan qismi boʻyicha kredit foizi stavkasining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshadigan, lekin asosiy stavkaning 1,5 baravaridan koʻp boʻlmagan qismi;

    xorijiy valyutadagi kreditlarning 10 milliard soʻm ekvivalentidan oshmagan qismi boʻyicha foiz xarajatlarining tijorat banklari tomonidan belgilangan foiz stavkasining 30 foizigacha, lekin 3 foizlik punktidan koʻp boʻlmagan qismi 3 yil mobaynida kompensatsiya qilinadi.

    2020-yil 1-oktyabrdan har yili aholi soni jami 15 mingdan kam boʻlmagan qishloq aholi punktlarini ichimlik suvi bilan taʼminlash boʻyicha davlat ijtimoiy buyurtmalariga tanlov eʼlon qilinadi.

    Davlat ijtimoiy buyurtmalari doirasidagi loyihalar 2021-yilda Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlarida, 2022-yildan esa respublikaning boshqa hududlarida amalga oshiriladi.

    2022-yil 1-yanvardan markazlashtirilgan oqova suv tizimiga ulanmagan aholi punktlarida uy-joy komplekslari oqova suv tozalash inshootlari bilan birga quriladi.