Senatning navbatdagi yalpi majlisida “Soliq ma’muriyatchiligi takomillashtirilishi, shuningdek soliqqa oid huquqbuzarliklar uchun javobgarlik va valyutani tartibga solish liberallashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilindi.

Amaldagi tartibga ko‘ra tadbirkorlik subyektlari ayni bir huquqbuzarlik uchun bir necha marotaba javobgarlikka tortiladi.

Jumladan, tadbirkorlar xodimlar sonini yashirganlik, tovarlarni majburiy raqamli markirovkalash qoidalarini buzganlik va fiskal belgilarni aks ettirmaganlik kabi aynan bir huquqbuzarlik uchun ham moliyaviy jarimaga, ham ma’muriy jarimaga tortilishi mumkin.

Ushbu holatlarning oldini olish maqsadida soliq ma’muriyatchiligining yanada takomillashtirilishiga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritish, shuningdek tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha aktivlarning qonunda belgilangan muddatlarda repatriatsiya qilinishini ta’minlashga oid talablarni qayta ko‘rib chiqish zarurati yuzaga kelmoqda.

Yuqoridagi holatlarni bartaraf etish maqsadida ushbu holatlarda qo‘llaniladigan uch bosqichli 50 foizlik jarima qo‘llash tartibi bekor qilinmoqda. Uning o‘rniga qaytmagan aktivlarning 20 foizi miqdorida bir martalik moliyaviy jarimani qo‘llash tartibi joriy etilmoqda.

Ushbu Qonunda loyihalashtirish, asbob-uskunalar va ehtiyot qismlarni yetkazib berish, asbob-uskunalarni o‘rnatish hamda urilish-montaj ishlari bilan bog‘liq bo‘lgan ishlarni bajarish (xizmatlarni ko‘rsatish) yuzasidan sarmoya loyihalari doirasida tuzilgan shartnomalarda belgilangan muddat 180 kundan ortiq bo‘lsa, mazkur shartnomadagi muddatlar qo‘llanilishi nazarda tutilmoqda.

Muhokama qilingan Qonun bilan soliq sohasidagi huquqbuzarliklar uchun qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir choralarining huquqbuzarlik harakatiga mutanosibligini ta’minlash orqali tadbirkorlik subyektlari aynan bir huquqbuzarlik uchun bir necha marotaba javobgarlikka tortilishining oldini olish belgilanmoqda.

Qonunning qabul qilinishi natijasida soliq ma’muriyatchiligi yana-da takomillashtirilib, normalar amaliyotda ikki xil talqin qilinishining oldi olinadi va bir xilda qo‘llanilishi ta’minlanadi.

Shuningdek, soliqqa oid huquqbuzarliklar uchun javobgarlik choralari liberallashtiriladi, bu o‘z navbatida tadbirkorlik subyektlarining huquqlari samarali himoya qilinishiga hamda ortiqcha xarajatlari kamaytirilishiga xizmat qiladi.

Muhokamadan so‘ng mazkur Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.