Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Mirzo Ulugʻbek tuman boʻlimi tomonidan tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini himoya qilish yuzasidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “F.E.” MCHJ rahbari oʻrinbosari R.J. va boshqalar MCHJ tomonidan chet davlatlardan olib kelingan elektromobillarni sotuvidan tushgan 1,8 mlrd soʻmni xaridorlar bilan tuzilgan shartnomalarning ikkinchi nusxasida past narxlarda koʻrsatish orqali talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Shu kabi, Departamentning Qibray tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “W.E.” MCHJ bosh hisobchisi lavozimida ishlagan I.M. MCHJ rahbarining imzosini soxta hujjatlarni rasmiylashtirish orqali MCHJdan ishdan boʻshagan 6 nafar va 1 nafar umuman ishlamagan fuqaroning plastik kartalariga 125,1 mln soʻm hamda bosh direktorning imzosini soxtalashtirib 273,2 mln soʻmni oʻzining plastik kartasiga oʻtkazib olib, oʻzlashtirganligi aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.