баннер
26 Mar 2025
06:03

    Tadbirkorlarning moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyati kengayadi

    Moliya 20 Fevral 2025 623

    Oliy Majlis Senatining toʻrtinchi yalpi majlisida “Tadbirkorlik subyektlarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama etildi.

    Qonunda bozor munosabatlarini yanada rivojlantirish sharoitlarida tadbirkorlik subyektlarini moliyalashtirishning yangicha va muqobil vositalarini ishlab chiqish, ayniqsa, tadbirkorlik subyektlariga kafolat tarzida yordam koʻrsatish sohasini kengaytirish, bank kreditlariga muqobil boʻlgan pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish evaziga moliyalash mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan normalar belgilanyapti.

    Xususan, mazkur Qonunga koʻra faktoring obyekti sifatida yuridik shaxsga yoki tadbirkorlik subyektiga nisbatan kelib chiqadigan pul talabnomasini belgilash, pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish boʻyicha taqiqni buzganlik uchun javobgarlikni bekor qilish va mijozning kontragenti norezident boʻlganda faktoring operatsiyalarini xorijiy valyutada amalga oshirishga ruxsat beriladi.

    Faktoringda qarzdorning huquqiy himoyasini kuchaytirish maqsadida moliya agenti tomonidan toʻlov amalga oshiriladigan davlat va valyuta turi oʻzgartirilishiga yoʻl qoʻyilmasligi, shuningdek, faktoringda firibgarlik holatlarining oldini olish uchun pul talabnomasidan voz kechish toʻgʻrisidagi xabarnomalarni garov reyestrida roʻyxatga olishni yoʻlga qoʻyish nazarda tutilyapti.

    Mazkur hujjat bilan tadbirkorlik subyektlariga kredit tashkiloti oldidagi pul majburiyatini bajarish boʻyicha kafolatlar (kafilliklar) berish faoliyatini professional asosda amalga oshiruvchi, shuningdek, qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa xizmatlar koʻrsatuvchi kafolatlar berish tashkiloti hamda faktoring xizmatlari koʻrsatishga ixtisoslashgan faktoring tashkiloti institutlari joriy etiladi.

    Endilikda Qonunga asosan ustav fondining eng kam miqdori kafolatlar berish tashkiloti uchun 100 milliard soʻm, faktoring tashkilotlari uchun esa 2 milliard soʻm etib belgilanadi. Mazkur tashkilotlar Markaziy bankda hisob roʻyxatidan oʻtkazilishi, ularning faoliyati Markaziy bank tomonidan tartibga solinadi va nazorat qilinadi.

    Qonunda nobank kredit tashkilotlari faoliyatiga qoʻyilgan ayrim cheklovlarni yumshatish va takomillashtirish nazarda tutilib, ularni aksiyadorlik jamiyati yoki masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklida tashkil etilishi mumkinligi, ularning ustav fondidagi ulushning 10 foizdan 20 foizgacha boʻlgan qismini bevosita yoki bilvosita olganda Markaziy bankni xabardor qilish, 20 va undan ortiq foizini olganda esa Markaziy bankning dastlabki ruxsatnomasini olishi shartligi belgilanyapti, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

    Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech