Farmonga koʻra, 5 ta yoʻnalishdan iborat Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan 2024-yildagi ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish dasturi doirasida quyidagilar tasdiqlandi:
- ishlab chiqiladigan qonunchilik hujjatlari loyihalari roʻyxati;
- amaliy tadbirlar rejasi.
2024-yil 1-noyabrdan:
- davlat dasturlari asosida kichik va oʻrta tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlashga barcha tijorat banklari va mikromoliya tashkilotlari jalb qilinadi;
- Prezident qaroriga asosan amalga oshirilayotgan “Kichik biznesni uzluksiz qoʻllab-quvvatlash” kompleks dasturi doirasida kichik tadbirkorlik subyektlariga ajratiladigan 100 million soʻmgacha garovsiz mikrokreditlarni qayta moliyalashtirish yoki ular boʻyicha kafilliklar taqdim etish tartibini saqlab qolgan holda tijorat banklariga va mikromoliya tashkilotlariga oʻz resurslari hisobiga mazkur mikrokredit miqdorini 300 million soʻmgacha oshirishga ruxsat etiladi.
2024-yil 1-noyabrgacha tadbirkorlarga elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun toʻlovni oldindan amalga oshirishda qulaylik yaratish, elektr energiyasi va tabiiy gaz isteʼmoli miqdorlariga nisbatan shartnomaviy limitlarni oshirish va undan ortishiga yoʻl qoʻyilgan taqdirda ortiq isteʼmol qilingan elektr energiyasi hamda tabiiy gaz uchun qoʻshimcha toʻlovni kamida 10 baravarga kamaytirish choralari koʻriladi.