Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi tomonidan koʻrsatilgan moliyaviy yordam haqida maʼlumot berildi

    AOKAda oʻtkazilgan brifingda mazkur jamgʻarma ijrochi direktori oʻrinbosari Burxon Normirzayev 10 oylik faoliyatni sarhisob qildi.

    Jamgʻarma 2 turdagi moliyaviy yordam koʻrsatadi: kafillik va kompensatsiya. Jamgʻarma 10 oy mobaynida jami 4 549 ta loyihalarga qariyb 1 trln 552 mlrd soʻm moliyaviy yordam koʻrsatish boʻyicha majburiyat olgan, jumladan, kafillik boʻyicha 1 257 ta loyihalarga – 1 048 mlrd soʻm, kompensatsiya boʻyicha 3 292 ta loyihalarga – 504 mlrd soʻm va tadbirkorlik subyektlari tomonidan jami 36 630 ta yangi ish oʻrinlari yaratilishi koʻzda tutilgan.

    Sohalar kesimida oladigan boʻlsak, 2022-yil 1-noyabr holatiga qishloq xoʻjaligi sohasi boʻyicha – jami 27 581 ta loyihalarga 7,5 trln soʻmdan ortiq moliyaviy yordam koʻrsatilgan va 153 761 ta yangi ish oʻrni yaratish koʻzda tutilgan.

    Sanoat sohasi boʻyicha – 5 731 ta loyihalarga qariyb 2,8 trln soʻm moliyaviy yordam koʻrsatilgan va 90 065 ta yangi ish oʻrni yaratish koʻzda tutilgan. Xizmat koʻrsatish soxasi boʻyicha – 8 368 ta loyihalarga 3,0 trln soʻmdan ortiq moliyaviy yordam koʻrsatilgan va 65 574 ta yangi ish oʻrinlari yaratish koʻzda tutilgan.

    Boshqa sohalar boʻyicha esa – 6 716 ta loyihalarga 3,0 trln soʻmdan ortiq moliyaviy yordam koʻrsatilgan va 70 028 ta yangi ish oʻrinlari yaratish koʻzda tutilgan. Shuningdek, jamgʻarmaning kelgusi 4 yil prognoz koʻrsatkichlari va tahlil natijalariga koʻra, 2023-2026-yillar davomida kompensatsiya majburiyatlari yiliga oʻrtacha 1,3 barobar oʻsishi prognoz qilingan.

    Jamgʻarma tomonidan kichik tadbirkorlik subyektlari loyihalariga: kompensatsiya va kafillik tijorat banklarining faqat milliy valyutadagi kredit (lizing)lari uchun beriladi.

    Jamgʻarma tomonidan kompensatsiya yordami 5 mlrd soʻmdan va foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasining 1,5 barovaridan oshmagan, yaʼni hozirda Markaziy bank asosiy stavkasi 15% deb belgilangan boʻlsa, 1,5 barovari 22,5%ga toʻgʻri keladi va 3 yil muddatgacha kompensatsiya taqdim etiladi.

    Kafillik yordami tijorat banklari tomonidan ajratiladigan kreditlarning 50% gacha, biroq umumiy qiymati 2,5 mlrd soʻmdan oshmagan miqdorda taqdim etiladi. Moliyaviy yordamlar faqat bitta loyihaga tatbiq etiladi.