Tadbirkorlik islohotlariga masʼuliyatsiz yondashgan rahbarlar lavozimidan ozod etildi

    Hukumat 8 Aprel 2021 2282

    Tadbirkorlikni rivojlantirish va joriy yilda aholi bandligini taʼminlash dasturi ijrosi boʻyicha ustuvor vazifalarga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishda davlatimiz rahbari tadbirkorlikni rivojlantirishga masʼuliyatsizlik bilan yondashgan rahbarlar lavozimidan ozod qilingani haqida maʼlum qildi.

    Xususan, Qashqadaryo viloyati hokimining birinchi oʻrinbosari Boʻtayev, viloyat Soliq boshqarmasi boshligʻi Bozorov, viloyat Markaziy bank rahbari Rajabov, Navoiy viloyati hokimining birinchi oʻrinbosari Hasanov, viloyat Markaziy bank rahbari Saidov va Soliq boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari Muhammadiyev lavozimidan ozod etilishi aytildi.

    Qashqadaryo viloyat hokimi, viloyat prokurori, ichki ishlar boshligʻiga, Navoiy viloyati hokimi, viloyat prokuroriga “hayfsan” beriladi.

    – Agar 3 oy ichida ular ishida oʻzgarish boʻlmasa, barchasi ishdan ketadi, – dedi davlatimiz rahbari.

    Yigʻilishda Navoiy viloyati ichki ishlar boshligʻi Tasbayev va Soliq boshqarmasi rahbari Botiraliyev lavozimiga joriy yil mart oyida tayinlanganini inobatga olib, ularga 3 oy sinov muddati belgilandi. Ushbu yangi rahbarlar ham natija koʻrsatmasa lavozimidan ozod qilinishi aytildi.

    Shu bilan birga, Ulugʻnor, Uzun, Yozyovon, Dehqonobod tumanlari hokimlarining birinchi oʻrinbosarlari, Andijon, Oltinkoʻl, Olot, Qorakoʻl, Oqoltin, Chilonzor, Moʻynoq tumanlari, Xiva va Chirchiq shaharlari soliq idoralari boshliqlari ham lavozimidan boʻshatiladigan boʻldi.

    Yigʻilishda Markaziy bank, uning hududiy boshqarmalari va tijorat banklari faoliyati ham talab darajasida emasligi tanqid qilindi.

    – Shu sababli, Markaziy bank raisining birinchi oʻrinbosari Zohidovga “hayfsan” berildi. Agar 2 oy ichida ish uslubida oʻzgarish boʻlmasa, mahallagacha tushib ishlamasa, tashabbus koʻrsatmasa, uni ham ishdan olaman, – dedi davlatimiz rahbari.