Tadbirkorlik kodeksi loyihasi 2017–2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 84-bandi ijrosini taʼminlash maqsadida ishlab chiqilgan.
Bugungi kunda tadbirkorlik faoliyatini tartibga soluvchi 2000 dan ortiq qonunchilik hujjatlari mavjud. Lekin ularni qoʻllash bilan bogʻliq qiyinchilik ham yoʻq emas. Shu bois, Tadbirkorlik kodeksi loyihasida 100 dan ortiq qonunchilik hujjatlarini unifikatsiya qilish koʻzda tutilmoqda. Ularning 11 ta qonun hamda 11 ta qonun osti hujjatlardir. Kodeksning asosiy vazifalari jismoniy va yuridik shaxslarning erkin tadbirkorlik qilishi, undan manfaatdor boʻlishi uchun kafolatlar hamda sharoitlar yaratishdan, xususiy mulk, shuningdek, tadbirkorlik subyektlarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishdan iborat.
Taʼkidlash joizki, kodeks loyihasi Oʻzbekiston Respublikasi “Savdo-sanoat palatasi toʻgʻrisida”gi Qonunida koʻzda tutilgan vakolat doirasida oʻrganib chiqilib, tegishli takliflar loyiha mualliflariga taqdim qilingan. Tadbirda ishtirokchilar ushbu loyihani yana bir bor koʻrib chiqish, uning har bir moddasi boʻyicha oʻz takliflarini hamda eʼtirozlarini bildirish va muhokama qilish imkoniga ega boʻldilar.