Tadbirkorlik rivoji yo'lida muhim qadam

    Yurtimizda tadbirkorlik va ishbilarmonlik sohasiga mutlaqo yangi muhit, yangi nafas va yangicha qarashlar kirib kelyapti.

    Buyuk Amir Temur bobomizning shunday gapi bor: “Azmi qat'iy, tadbirkor, hushyor, mard va shijoatli bir kishi mingta tadbirsiz va loqayd kishidan afzaldir”. Bu so'zlar bejiz aytilmagan, albatta. Zero, tadbirkorlik jamiyatimizni bundan-da taraqqiy ettirishning, farovon hayotimizning mustahkam tayanchidir.

    Shu sababli so'nggi yillarda mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini tubdan yaxshilash, ortiqcha byurokratik to'siqlarni bartaraf etishga katta e'tibor qaratilmoqda. Xususan, ayrim turdagi litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilindi, ma'muriy tartib-taomillardan o'tish muddatlari sezilarli ravishda qisqartirildi.

    Hayotga tatbiq etilayotgan islohotlar natijasida bugun o'z biznesini yo'lga qo'yib, o'zi, oilasi, mahalla, el-yurt farovonligiga munosib hissa qo'shayotgan tadbirkorlar safi tobora kengaymoqda. Yurtimiz aholisi o'rtasida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik faoliyati bilan shug'ullanishga qiziqish tobora ortib borayotir.

    Davlatimiz rahbarining “Aholi va tadbirkorlik sub'ektlariga davlat xizmatlaridan foydalanishda yanada qulay sharoitlar yaratish, bu borada byurokratik to'siqlarni qisqartirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi farmoni tadbirkorlikni keng quloch yoyishi va aholi bandligini ta'minlashga xizmat qilishi muqarrar.

    Unga muvofiq, 2021-yil 1-iyundan boshlab tadbirkorlik subyekti bo'lgan yuridik shaxslarga davlat xizmatlaridan foydalanish uchun belgilangan yig'im va davlat boji to'lovlarini to'lashda ularning vakili tomonidan naqd pul shaklida to'lovni amalga oshirishga ruxsat beriladi.

    Davlat xizmatlari markazlari orqali xizmatlardan foydalanishda jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan ortiqcha to'langan to'lovlar, shuningdek, davlat xizmatini tezlashtirilgan tartibda ko'rsatish uchun qo'shimcha to'langan yig'imlar summasi soddalashtirilgan tartibda Davlat xizmatlari agentligining byudjetdan tashqari jamg'armasi mablag'lari hisobidan bir ish kuni ichida qaytariladi. Qaytarib berilgan mablag'lar esa Agentlik tomonidan tegishli davlat organlari va tashkilotlaridan regress tartibida undirib olinadi.

    Muhim masalalardan yana biri, 2021-yil 1-iyundan boshlab davlat organlari, xo'jalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat tashkilotlari va muassasalari tomonidan aholidan, jumladan, tadbirkorlik sub'ektlaridan ruhiy kasalliklar va narkologiya bo'yicha dispanser hisobida turishi yoki turmasligi, sudlanganlik, fuqaroning nomida shaxsiy uy-joy, soliq qarzi mavjud yoki mavjud emasligi haqidagi faktlarni tasdiqlovchi hujjatlarni talab qilish bekor qilinadi.

    Shuningdek, shaxsni tasdiqlovchi hujjatning nusxasi, shaxsning belgilangan shakldagi fotosurati, tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarining ma'lumotnomalari, mehnat daftarchalari va ularning nusxalari, ish haqi va ish stajini, oliy va o'rta maxsus ta'lim muassasasida o'qiganlikni tasdiqlovchi arxiv ma'lumotnomalari hamda kadastr hujjatlari va ularning nusxalari talab qilinmaydi. Bunda, davlat organlari va tashkilotlari jismoniy shaxslarga davlat xizmatlarini ko'rsatishda, ishga qabul qilish jarayonida va boshqa ma'muriy tartib-taomillarni amalga oshirishda mazkur bandda nazarda tutilgan hujjat va ma'lumotlarni ushbu farmonda belgilangan mas'ul davlat organlari va tashkilotlaridan mustaqil ravishda, shu jumladan “elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali so'rab oladi.

    Mazkur hujjatga binoan, 2021-yil 1-iyundan boshlab Agentlik yuridik shaxslarni (nodavlat notijorat tashkilotlari, banklar va kredit byurolaridan tashqari) davlat ro'yxatidan o'tkazish bo'yicha yagona vakolatli organ hisoblanadi. endilikda davlat organlari va tashkilotlari, yuridik shaxslar birlashmalari, bog'dorchilik-uzumchilik shirkatlari, matlubot, ishlab chiqarish va qishloq xo'jaligi kooperativlari hamda advokatlik tuzilmalarini davlat ro'yxatidan o'tkazish davlat xizmatlari markazlari tomonidan amalga oshiriladi.

    Joriy yil shu sanadan boshlab esa fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari tomonidan davlat statistika organlariga dalolatnoma yozuvlarining nusxalarini yuborish va hisobotlarni topshirish amaliyoti bekor qilinadi. Bunda, davlat statistika organlari “FHDYOning yagona elektron arxivi” axborot tizimiga o'zlarining elektron tizimlarini integratsiya qilgan holda ushbu ma'lumotlarni real vaqt rejimida oladi va statistik hisobotlarni shakllantiradi.

    Bir so'z bilan aytganda, bugun yurtimizda tadbirkorlik va ishbilarmonlik sohasiga mutlaqo yangi muhit, yangi nafas va yangicha qarashlar kirib kelyapti. Mavjud g'ov va to'siqlar olib tashlanmoqda. Mazkur farmonning ijrosi ham davlat xizmatlarini ko'rsatishda byurokratizm, sansalorlik va boshqa ma'muriy to'siqlarni bartaraf etishga xizmat qiladi.

    Odinaxon OTAXONOVA,

    Oliy Majlis Qonunchilik

    palatasi deputati