Unda Oliy Majlis Senati aʼzolari, vazirlik va idoralar mutasaddilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Davra suhbatida davlat tomonidan tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash maqsadida yaratilayotgan shart-sharoitlardan unumli foydalanish, erkin raqobatga asoslangan bozorni yaratish, tovar-xomashyo birja savdolarida professional faoliyatni tartibga solish borasida amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan fikr almashildi.
Taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda mamlakatimizda qulay investitsiyaviy muhitini yaratish, iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va raqobatni taʼminlash, tadbirkorlik subyektlariga teng sharoitlar yaratish hamda iqtisodiy oʻsishni taʼminlashda xususiy sektorning rolini yanada oshirishga katta eʼtibor qaratilyapti.
Soʻnggi besh yilda bu yoʻnalishda 2 mingga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar (qonun, farmon va qarorlar) qabul qilingan. Biznes uchun 114 ta litsenziya va ruxsatnoma bekor qilinib, 33 ta faoliyat turi xabardor qilish tartibiga oʻtkazilgan.
Ruxsatnomalarni rasmiylashtirish tartiblari soddalashtirilib, muddatlari oʻrtacha 2 baravarga qisqartirildi. Ortiqcha tekshirishlar, naqd pul, valyuta va xomashyo bilan bogʻliq boʻlgan koʻplab cheklovlarga barham berildi.
Xususan, 2022-yil yanvar-mart oylarida kichik (biznes) tadbirkorlik subyektlari tomonidan qariyb 66 milliard soʻmlik qoʻshilgan qiymat yoki iqtisodiyotdagi yalpi qoʻshilgan qiymatining 44,7 foizi yaratilgan.
Shuningdek, birja va birja faoliyatini tartibga solishga oid 5 ta qonun, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 7 ta farmoni va 10 ta qarori, Vazirlar Mahkamasining 15 ta qarori hamda 2 ta idoraviy normativ-huquqiy hujjat qabul qilingan.
Respublikamizda xususiy sektor rivojlanishiga tovar-xomashyo birjalari faoliyati salmoqli taʼsir koʻrsatyapti.
Xususan, tovar-xomashyo birjasi savdolarida 2021-yilda 74,5 trillion soʻmlik 390 mingta bitim tuzilgan boʻlib, oxirgi 3 yilda tovar aylanmasi 2 baravarga oʻsgan.
Tovar-xomashyo birja savdolari orqali ichki bozorda yuqori likvidli hamda monopol turdagi sotiladigan mahsulotlar roʻyxati 27 tadan 45 tagacha kengaytirilgan.
Davra suhbatida xususiy sektorni ragʻbatlantirish va uning ulushini oshirish hamda erkin raqobatga asoslangan bozorni yaratish, tovar-xomashyo birja savdolarida professional faoliyatni tartibga solish masalalarida qator muammo va kamchiliklar saqlanib qolinayotganiga eʼtibor qaratildi.
Jumladan, tadbirkorlik subyektlari foydasiga chiqarilgan sud qarorlarini ijro etishda sustkashlikka yoʻl qoʻyilyapti va byurokratik toʻsiqlar mavjud. Davlat xaridlari sohasida toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida amalga oshirilayotgan xaridlarning ulushi yuqori darajadaligi ushbu sohada raqobatning rivojlanishiga salbiy taʼsir koʻrsatyapti.
Birjalar faoliyatini tartibga solish va birja savdolari ishtirokchilari ustidan nazoratni amalga oshirishda hamda birja savdolaridagi manipulyatsiyalarni taqiqlashda aniq normalarning yoʻqligi biznes rivojlanishiga oʻzining salbiy taʼsirini koʻrsatyapti, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.