2021-yil 16-sentyabr kuni Oliy Majlis Senati Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo'mitasi majlisi o'tkazildi. Unda Monopoliyaga qarshi kurashish qo'mitasi raisining Qashqadaryo viloyatida raqobat muhiti va tadbirkorlikni rivojlantirishning mavjud zaxiralari hamda iste'molchilar uchun tanlov imkoniyatlarini oshirish dasturining ishlab chiqilishi bo'yicha olib borilgan o'rganish natijalari yuzasidan axboroti eshitildi. 

Qayd etilganidek, viloyatda 2021-yilning 1-yanvar holatiga tadbirkorlik subyektlari soni 54,8 mingtani tashkil etib, ularning soni yil davomida 17 foizga o'sgan.

Tadbirkorlik rivoji uchun qurilish materiallari, turizm, qishloq xo'jaligi, mahalliy sanoat kabi sohalarda zaxiralar bor. Jumladan, sanoatni rivojlantirishning paxta-to'qimachilik meva-sabzovotlarni yetishtirish va qayta ishlash, qurilish materiallari ishlab chiqarish yo'nalishlarida katta imkoniyatlar mavjud.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo'mitasi matbuot xizmatining qayd etishicha, majlisda viloyatda amalga oshirilgan ishlar qatorida muammo va kamchiliklar mavjudligi ta'kidlandi. Xususan, yirik sanoat salohiyatiga ega viloyatda import tovarlarining ulushi yuqori darajada saqlanib qolgan. Ichki bozorning mahalliy mahsulotlarga ehtiyoji o'rganilmagan. Tayyor kiyim-kechak, charm ishlab chiqaruvchi korxonalar imkoniyatlaridan samarli foydalanish yo'lga qo'yilmagan.

Talab yuqori bo'lgan mahalliy mahsulotlar bilan viloyat ichki bozori past darajada ta'minlangan. Gipsokarton, turli xil gofrokarton, bir martalik idishlar, qog'oz paketlar, qurilish va qishloq xo'jaligi texnikalari butlovchi qismlari, tish yuvish pastasi va shampun, mix mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik subyektlari mavjud emas.

Qoramolchilikni rivojlantirish bo'yicha yirik salohiyat mavjud bo'lsa-da, sut va sut mahsulotlarining asosiy qismi boshqa viloyatlardan keltiriladi.

Viloyatning 11 ta kichik sanoat zonasida yetarli infratuzilma tashkil etilmaganligi, Qamashi, Mirishkor, Yakkabog' va Kitob tumanlari hamda Shahrisabz shahrida gaz ta'minoti rejalashtirilmaganligi, elektr energiyasi ta'minotidagi uzilishlar tufayli tadbirkorlik subyektlari ishini tashkil qilishda qiyinchiliklar kuzatilmoqda.

Yana bir jihat. Xizmatlar sohasida 758 ta ta'mirlash, 1 078 ta veterinariya xizmati va go'sht do'konlari, 1 214 ta hammom va poyabzal tikish (ta'mirlash) xizmati, 1 319 ta kimyoviy tozalash (ximchistka) va maishiy jihozlarni ta'mirlash, 938 ta sartaroshxona va go'zallik salonlari xizmatlariga aholi o'rtasida ehtiyoj bo'lishiga qaramasdan sohalarga tadbirkorlik subyektlari jalb qilinmagan.

Davlat xaridlari doirasidagi savdolarda raqobatni cheklovchi omillar saqlanib qolmoqda. Joriy yilning o'tgan davrida tanlov (tender) savdolarida 486 ta holatda “Raqobat to'g'risida”gi va “Davlat xaridlari to'g'risida”gi qonunlar talablari buzilgan.

2019-2021-yillarda tabiiy monopoliya subyektlari o'z mavqeini suiiste'mol qilgan holda 669 ta tadbirkorning 90,2 mlrd so'mlik manfaatlarini cheklashga yo'l qo'ygan. Bundan tashqari, oxirgi ikki yilda mahalliy hokimiyat organlari tomonidan 164 ta raqobatga zid huquqiy hujjatlar qabul qilingan va harakatlar amalga oshirilgan.

Qolaversa, bank tariflarning nomutanosib belgilanganligi holatlari iste'molchilar manfaatlari cheklanishiga olib kelmoqda. Tadbirkorlik uchun ajratilgan bank kreditlaridan ishlab chiqarishga yo'naltirilgan qismi kam.

Majlisda Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo'mitasining viloyatda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo'yicha tavsiyalarni nazarda tutuvchi tegishli qarori qabul qilindi.

Rauf NURULLAYEV tayyorladi