Tadbirkorlik subyektlariga tutash hududlardan ijara asosida mavsumiy foydalanishga ruxsat beriladi

    Umumiy ovqatlanish, savdo va xizmat koʻrsatish sohasidagi tadbirkorlik subyektlari davlat organlari va tashkilotlariga doimiy foydalanishga berilgan yer uchastkalaridan mavsumiy faoliyatni amalga oshirish uchun foydalanishi mumkin boʻladi.

    Bu Vazirlar Mahkamasining 31-iyuldagi “Tadbirkorlik subyektlariga tutash hududlardan mavsumiy foydalanishni tashkil etishni yanada soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida koʻzda tutilgan.

    Unga koʻra, 1-oktyabrdan boshlab umumiy ovqatlanish, savdo va xizmat koʻrsatish sohasidagi tadbirkorlik subyektlari uchun oʻziga tegishli bino va inshootlarga tutash boʻlgan yer uchastkalaridan (sogʻliqni saqlash, taʼlim va maktabgacha taʼlim tashkilotlariga tegishli yer uchastkalari bundan mustasno) mavsumiy umumiy ovqatlanish, savdo va xizmat koʻrsatish faoliyatini amalga oshirish uchun haq evaziga ijara huquqi asosida foydalanish tizimi joriy etiladi.

    Shu maqsadda oʻziga tegishli boʻlmagan yer uchastkasida norasmiy tarzda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan tadbirkorlik subyektlari roʻyxati quyidagi 2 bosqichda xatlovdan oʻtkaziladi:

    • barcha tuman (shahar)lardagi markaziy koʻchalarda — 1-sentyabrga qadar;
    • qolgan koʻchalarda — 1-oktyabrga qadar.

    1-oktyabrdan boshlab xatlov natijasida aniqlangan obyektlar qonuniy faoliyat yuritishi yoki hudud boʻshatilishi kerak boʻladi.

    Ijara shartnomasiga asosan tadbirkorga tegishli hududga tutash boʻlgan yoki undan 5 metrdan koʻp boʻlmagan masofadagi boʻsh maydonlarni tijorat faoliyatini amalga oshirish uchun auksion savdolarisiz toʻgʻridan toʻgʻri ijaraga beriladi.

    Ijaraga berilgan yer uchastkasining har bir kvadrat metri uchun shartnoma muddatidan qatʼi nazar, yer soligʻi stavkasining uch baravarigacha miqdorda ijara toʻlovi toʻlanadi.

    Bunda 2026-yil 1-fevralga qadar tijoriy faoliyat obyektlarini koʻcha va binolar qiyofasiga mos hamda aholi uchun qulay va xavfsiz qilib loyihalashtirishga doir yagona talab va tavsiyalar (“dizayn-kod”) ishlab chiqilib, tasdiqlanadi.

    Faoliyati qonuniylashtirilib, ijara shartnomasi tuzilgan tadbirkorlik subyektlarida “dizayn-kod”ga asosan loyihalar tasdiqlangunga qadar tadbirkorlar tomonidan har qanday qoʻshimcha qurilishlar, maydon, fasad va mavjud yengil konstruksiyalarini oʻzgartirishga yoʻl qoʻyilmaydi.

    Shunday ishlar amalga oshirilgan taqdirda, tutash maydonda joylashgan obyektlar belgilangan tartibda buziladi va yangi shartnoma tuzilmaydi.