Loyiha litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillarini qisqartirish borasida olib borilgan islohotlarni oʻzida aks ettirib, u bilan amaldagi 3 ta kodeks va 5 ta qonunga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish taklif etilmoqda.
Shuningdek, 12 ta litsenziya, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomili bekor qilinishi, 4 ta litsenziya va ruxsatnomani xabardor qilish tartibiga oʻtkazish koʻzda tutilyapti. 1 ta xabarnoma yuborish tartib-taomili ruxsat berish tartibiga, 2 ta litsenziya uchun xulosa olish bekor qilinishi nazarda tutilmoqda. 3 ta ruxsat berish tartib-taomili “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi qonunga muvofiqlashtirilmoqda.
Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi tadbirkorlik subyektlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, bozorda teng sharoitlar va raqobat muhitini taʼminlashga xizmat qiladi. Chet el yuridik shaxslariga litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillaridan foydalanish yoʻlga qoʻyiladi.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi oʻqishda qabul qilindi.