Tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha yangi tizim ishga tushadi

    Hukumat 8 Aprel 2021 2810

    Prezidentimiz raisligida tadbirkorlikni rivojlantirish va joriy yilda aholi bandligini taʼminlash dasturi ijrosi boʻyicha ustuvor vazifalarga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida maʼlum qilinishicha, oʻtgan yili kichik biznes subyektlariga 120 trillion soʻmlik kredit va moliyaviy yordamlar ajratildi.

    Natijada pandemiyadan zarar koʻrgan 104 mingdan ortiq korxonalar faoliyati tiklanib, xususiy korxonalar pul aylanmasi oʻtgan yilga nisbatan 33 foizga oʻsgan. Joriy yil birinchi choragida 27 mingta yangi tadbirkorlik subyekti tashkil etildi.

    Yigʻilishda shunga qaramasdan ayrim hudud va sektor rahbarlari yaratilgan bu imkoniyatlardan haligacha toʻliq foydalana olmayotgani tanqid qilindi.

    – Bu – viloyat, tuman (shahar) rahbarlari joylarda kichik biznes vakillari bilan yetarli darajada muloqot qilmayotganidan dalolat beradi, – dedi davlatimiz rahbari.

    Shu bois, Prezidentimiz sektor rahbarlari tumanda kichik biznes vakillari bilan har hafta uchrashib, yer, infratuzilma, kredit kabi eng muhim masalalarni hal etish tizimini yoʻlga qoʻyish boʻyicha topshiriq berdi.

    Endilikda tuman, shahar hokimlari sektor rahbarlari bilan birga har kuni tadbirkorlar bilan uchrashib, muammolarini hal qilishga kirishadi.

    Viloyat, tuman va shahar sektor rahbarlarining tadbirkorlar bilan muloqot qilish va muammolarini hal etish faoliyati tahlil qilinib, qanday ishlayotgani boʻyicha har oyda Prezident Administratsiyasiga axborot kiritiladi.

    Hududlarda tadbirkorlar bilan ishlash boʻyicha ijobiy tajribalar umumlashtirilib, har chorakda hokimlar, ularning oʻrinbosarlari, sektor va bank rahbarlarini ragʻbatlantirish tizimi joriy qilinadi.