Tadbirkorni qiynayotgan muammo ijobiy yechim topdi

    Loyihada koʻrsatilgan asbob-uskuna, jihozlar xaridi uchun mablagʻ yetishmasligi tadbirkorni oʻylantirib qoʻydi.

    Odil Samadov surxondaryolik ishbilarmonlardan. Uning penoblok va shlakoblok ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Samadov Odil” xususiy korxonasi tashkil etishni oʻzida ifoda etgan loyihasi boʻyicha allaqachon ish boshlangan. Korxona uchun qurilish tadbirlari yakuniga yetgan.

    Ayni vaqtda hududdagi 4 nafar fuqaroning bandligi taʼminlangan. Korxona faoliyati yoʻlga qoʻyilsa, kamida 10 nafar ishchi oʻrni yaratiladi. Loyihada koʻrsatilgan asbob-uskuna, jihozlar xaridi uchun mablagʻning yetmayotganligi tadbirkorni oʻylantirib qoʻydi. Jamiki mablagʻini korxona qurilishiga sarflagan ishbilarmonning soʻnggi umidi bankdan olinishi mumkin boʻlgan kreditga tikildi. Loyihada faoliyat boshlanishi uchun sarf etiladigan mablagʻ 300 million soʻm etib koʻrsatilgan.

    Odil Samadov mamlakatimizda tadbirkorlarga koʻrsatilayotgan eʼtibor va yaratilayotgan imkoniyatlardan foydalanish istagida muammosiga yechim topish uchun “Agrobank” ATBning Boysun tuman filialiga murojaat qildi. Ammo tadbirkor biroz erta quvongan ekan. Mutasaddilar tadbirkorning murojaatini quchoq ochib hal qilib berishga oshiqmadilar. Ikki oy ham koʻz ochib yumguncha oʻtdi-ketdi. Oʻrtada tadbirkorning sarsongarchiligi qoldi. “Mayli, hal boʻlar, kutay” desa, masʼullarning befarqligidan figʻoni falakka koʻtarilyapti.

    Natija boʻlmagach, tadbirkor oʻz hududidan saylangan deputatga murojaat qilish orqali masalani bartaraf etishga harakat qildi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi Hazratqul Xoʻjamqulovning saʼy-harakatlari bilan mutasaddilarning loqaydligiga chek qoʻyildi. Deputat aralashuvi muammoni ijobiy hal qildi.

    – Bir tadbirkor ishchi oʻrni yarataman, davlatga, iqtisodiyotimizga nafim tegsin, deb turgan bir vaqtda unga koʻmak qoʻlini uzatmaslik mumkin emas, – deydi H.Xoʻjamqulov. – Bank mutasaddilarining bunday befarqliklari sababli qancha-qancha tadbirkorlik qilaman degan fuqarolarning shashti soʻnmoqda. Bunday loqaydlikka qarshi kurashishimiz zarur. Mana, Odil Samadovning ham muammosi bartaraf etilishiga imkon qadar koʻmaklashdik, bugun faoliyatini toʻliq yoʻlga qoʻyish arafasida. Axir tadbirkor – elimizga madadkor-ku!