“Tafakkur gavhari” – turkman xalqi ma’naviy olamining yorqin ko‘zgusi

    Madaniyat 24 Yanvar 2025 286

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida turkman xalqining Milliy lideri, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning yaqinda o‘zbek tilida nashr etilgan “Tafakkur gavhari” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

    Taqdimot tadbirida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi vakillari, Oliy Majlis Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, vazirlik va idoralar, mamlakatimizdagi milliy madaniy markazlar, ilm-fan, ta’lim va madaniyat, ijod sohalarining taniqli namoyandalari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

    Tadbirda e’tirof etilganidek, asrlar davomida bir daryodan suv ichib, hamisha bir-biriga yelkadosh bo‘lib yashab kelayotgan qardosh o‘zbek va turkman xalqlarini umumiy tarix, mushtarak madaniyat va ezgu qadriyatlar o‘zaro bog‘lab turadi.

    Har ikki davlat rahbarlari – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov va Turkmaniston Xalq Maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov tomonidan amalga oshirilayotgan xalqparvar siyosat, oliy darajadagi tashriflar natijasida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi siyosiy-iqtisodiy, madaniy-gumanitar aloqalar tobora kengayib bormoqda.

    Toshkent shahrida “Ashxobod” madaniyat va istirohat bog‘i, Maxtumquli yodgorlik majmuasi, shuningdek, Xorazm viloyatida “O‘zbek – turkman do‘stlik uyi” va “Ulli hovli” majmuasi, o‘z navbatida, Ashxobod shahrida “Toshkent” madaniyat va istirohat bog‘ining barpo etilgani bu boradagi katta amaliy qadamlar bo‘ldi.

    Ta’kidlash joizki, davlat rahbarlari boshlab bergan ezgu an’analarga muvofiq, keyingi yillarda har ikkala mamlakatda adabiyotga, kitobxonlikka alohida e’tibor qaratilmoqda.

    Turkiy davlatlar madaniy tashkiloti – TURKSOY bilan hamkorlikda “Turkiy adabiyot durdonalari” 100 jildlik majmuasi nashr etildi, uning 9 jildi turkman adabiyoti namunalariga bag‘ishlangan. Ularda Ozodiy, Maxtumquli, Mullanafas, Andalib, Mullamurod Xorazmiy, Xidir Deryayev, Berdi Kerboboyev, Qora Seytliyev, Qayum Tangriquliyev, Nozik Onnatiyeva, Oraz Yag‘mur, Otajon Tog‘on, Ota Otajonov, Ahmed Mammedov, O‘rozquli Onnayev kabi 60 dan ziyod adiblar ijodidan namunalar aks ettirilgan.

    Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 19 fevraldagi “Buyuk turkman shoiri va mutafakkiri Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori asosida mamlakatimizda bu qutlug‘ ayyom keng nishonlandi.

    Ushbu sana munosabati bilan o‘tgan yili Ashxobod shahrida o‘tkazilgan xalqaro forumda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Maxtumquli Firog‘iyning 300 yilligi” esdalik medali bilan taqdirlandi.

    Bularning barchasi xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va qardoshlik munosabatlari yanada mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi.

    Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili Abdulaziz Komilov, Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori Adham Bekmurodov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, senator Sirojiddin Sayyid, akademik Shuhrat Sirojiddinov, “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Ahmadjon Meliboyev, Kinematografiya agentligi direktori Shuhrat Rizayev, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, professor Bahrom Abduhalimov, filologiya fanlari doktori Bahodir Karimov, Turkman milliy madaniy markazi rahbari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Guldana Avezdurdiyeva va boshqalar keyingi yillarda O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida o‘zaro ishonch va yaqin qo‘shnichilikka asoslangan keng ko‘lamli hamkorlik aloqalari butunlay yangi bosqichga ko‘tarilayotganini ta’kidladilar.

    Gurbanguli Berdimuhamedovning “Tafakkur gavhari” kitobi ham ana shunday ezgu maqsadlarga xizmat qilishi bilan ulkan ahamiyatga ega ekani alohida qayd etildi.

    Darhaqiqat, Gurbanguli Berdimuhamedov nafaqat atoqli davlat va siyosat arbobi, ayni vaqtda, yetuk tadqiqotchi olim, tarix, falsafa, adabiyot, tabobat mavzularidagi o‘nlab salmoqli asarlar muallifidir. U O‘zbekiston Fanlar akademiyasining faxriy akademigi etib saylangan.

    G.Berdimuhamedovning hozirga qadar “Madaniyat – xalqning bebaho xazinasi”, “Turkmanlarning ma’naviy dunyosi”, “Barhayot afsona”, “Ot – sadoqat va baxt timsoli”, “Choy – shifo va ruhiy quvvat manbai”, “Baxtli hayot sog‘liqdan boshlanar” kabi kitoblari nashr etilgan bo‘lib, ularning ko‘pchiligi o‘zbek kitobxonlariga ham yaxshi tanish.

    Taqdimot marosimida ta’kidlanganidek, “Tafakkur gavhari” kitobini o‘qigan kishi nainki qardosh turkman eli, balki barcha turkiy xalqlarning mushtarak tarixi va madaniyati, o‘lmas qadriyatlari, olijanob fazilatlari haqida qiziqarli ma’lumotlarga ega bo‘ladi.

    Ma’lumki, O‘zbekistonda turkman millatiga mansub yurtdoshlarimiz ham ko‘pchilikni tashkil etadi. Ular turli sohalarda samarali va fidokorona mehnat qilib, Vatanimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelmoqdalar. Ko‘p millatli yurtimizda ularning munosib hayot kechirishini ta’minlash, qadriyat va an’analarini asrab-avaylashga katta e’tibor qaratilmoqda.

    Tadbirda so‘zga chiqqan Turkmanistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Shadurdi Meredov O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni yanada yuqori bosqichga olib chiqishda mana shunday madaniy-ma’rifiy tadbirlarning o‘rni katta ekanini ta’kidlar ekan, bu borada amalga oshirilayotgan barcha ezgu ishlar uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga, o‘zbek xalqiga samimiy minnatdorchilik izhor etdi.

    –Bu asar asrlar davomida shakllanib, mustahkamlanib kelingan do‘stligimiz, qardoshligimizning o‘ziga xos ramzidir, – dedi Turkmanistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Shadurdi Meredov. – Kitobni chin ma’noda donishmandlikning gavhari, deb atash mumkin. U xalqimizning tarixi, merosi, ma’naviyati va an’analari haqida o‘ziga xos manbadir.

    Taqdimot tadbirida “Tafakkur gavhari” kitobi haqida batafsil so‘z yuritildi.

    Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Xayriddin Sultonov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova ishtirok etdi.