Dunyoda hayotda hech qachon qon tahlili topshirmagan odamlar bo‘lmasa kerak. Och qoringa qon topshirish kerakligi haqida eshitgan ham. Ko‘pincha ovqatdan saqlanish kerak bo‘lgan vaqtni ham aytishadi. Bu taxminan 8 soatdan 12 soatgacha. Odatda bu tahlil uchun ertalab yoki kechasi qon topshirish kerakligini anglatadi, chunki uxlaganda ovqat yemaymiz-ku!?

Qon tahlili organizmda qandaydir patologik jarayonlar sodir bo‘layotganini oldindan bo‘lsa-da, tushunishga yordam beradi. Biroq, qon ko‘rsatkichlari patologiyani emas, balki moddalar almashinuvidagi vaqtinchalik o‘zgarishlarni ko‘rsatishi mumkin, deyiladi nkj.ru saytida.

Bu o‘zgarishlar birinchi navbatda, ovqat bilan bog‘liq holda sodir bo‘ladi. Shu ma’noda nima uchun och qoringa qon topshirishni so‘rashlari tushunarli. Ammo barcha qon ko‘rsatkichlari ovqatlanishni his qiladimi? Agar glyukoza, xolesterin va yog‘-triglitseridlar darajasi haqida gapiradigan bo‘lsak, ular haqiqatan ham ovqatdan keyin ko‘tariladi, bu turli tadqiqotlar bilan tasdiqlangan.

Biroq qon faqat uglevod yoki lipid almashinuvini baholash uchun topshirilmaydi. Unda immun hujayralar va trombotsitlar sanaladi, unda gemoglobin va jigar fermentlarining faolligi o‘lchanadi, mikroelementlar miqdori, elektrolitlar darajasi va boshqa ko‘rsatkichlar ham baholanadi.

Ulsan universiteti va Janubiy Koreyaning boshqa ilmiy markazlari xodimlari Janubiy Koreyaning 670 ta shifoxonasida 100 mingdan ortiq odamdan olingan 10 millionga yaqin turli xil qon tahlillarini tahlil qilishdi. Raqamlarga qarab, bemorlar bir necha marta qon topshirganini taxmin qilish mumkin. Bu esa bir xil odamlarning tahlil ma’lumotlarini taqqoslash imkonini berdi. Shu bilan birga, ayni bir odam turli hollarda yo odatdagidek, ya’ni 8-12 soat, yoki 12 soatdan ortiq, yoki 8 soatdan kam och qolgan. Statistik usullardan foydalangan holda, tadqiqotchilar turli xil ochlik qon tahliliga, aniqrog‘i, agar har bir tahlil ma’lum bir birikma yoki parametrni baholashni nazarda tutsa, 121 ta tahlilga qanday ta’sir qilishini bilmoqchi bo‘lishdi.

JAMA Internal Medicine maqolasida aytilishicha, faqat o‘nta tahlil ochlik davomiyligiga sezgir. Ular orasida, kutilganidek, glyukoza tahlili ham bor edi. Agar bir odam laboratoriyaga tashrif buyurishdan 8 soat oldin ovqatlangan bo‘lsa, uning darajasi o‘rtacha 10,8 foizga oshgan. Shuningdek, bu holatda yog‘-triglitseridlar miqdori 20,1 foizga, ushbu triglitseridlarni parchalovchi hazm qilish fermenti lipaza 36,4 foizga, aminokislotalar almashinuvida ishtirok etuvchi gamma-glutamiltransferaza fermenti esa 14,8 foizga oshgan. Uzoqroq ochlik (ya’ni 12 soatdan ortiq) qon tahlillari aniqligiga hech qanday ta’sir ko‘rsatmadi.

Och qoringa qon topshirish zarurati uni topshiruvchi uchun ham, tahlil qiluvchilar uchun ham ma’lum noqulayliklar tug‘diradi – tushunganingizdek, tibbiy laboratoriya xodimlari ertalabdan juda band bo‘ladi. Ehtimol, yo‘llanma berishda ovqatlanishdan katta tanaffus talab qiladigan va bunday tanaffusni talab qilmaydigan tahlillarni farqlash kerakdir. Aytish joizki, ba’zi joylardagi tibbiyot muassasalarida aynan shunday yo‘l tutiladi.