Tailand 9-yanvardan sayyohlaruchun qoidalarni kuchaytiradi

    Bugundan Tailandga tashrif buyurayotgan sayyohlardan koronavirus infeksiyasiga qarshi emlanganlik sertifikati talab qilinadi.

    "2023-yil 9-yanvardan boshlab 18 yoshdan oshgan yo‘lovchilar JSST va Tailand Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan COVIDga qarshi har qanday vaksina bilan emlanganlik sertifikatini yoki COVID-19 dan tuzalganlik guvohnomasini taqdim etishlari shart. Ikki dozali vaksina bilan emlanganda ikkinchi komponent jo‘nashdan kamida 14 kun oldin olinishi kerak", deyiladi xabarda.

    Tibbiy sabablarga ko‘ra, emlash taqiqlangan yo‘lovchilar tegishli ma’lumotnomani taqdim etishlari kerakligi qo‘shimcha qilinadi. Tailandda bo‘lgan vaqt davomida sayyohda COVID-19 davolash uchun tibbiy sug‘urta ham bo‘lishi kerak.

    "Ushbu qoidalar 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarga taalluqli emas", deb qo‘shimcha qilinadi xabarda.

    Mahalliy OAV xabariga ko‘ra, yangi qoidalar 9 yanvar soat 1:00 dan kuchga kiradi, ular 31-yanvar soat 16:59 gacha amal qiladi. Qoidalarga ko‘ra, sayyohlar kirishda emlash guvohnomasi o‘rniga jo‘nashdan 180 kun oldin olingan sog‘ayib ketganligi haqidagi guvohnomani ko‘rsatishi mumkin. Bundan tashqari, qoidalari koronavirus bilan kasallangan taqdirda mamlakatga qaytishga ruxsat bermaydigan mamlakatlardan kelgan sayyohlar Tailanddagi barcha dam olish davri va qo‘shimcha 7 kunni qamrab oladigan sug‘urtaga ega bo‘lishi kerak. Shuningdek, yo‘lovchilarning 5 foizi yetib kelgandan so‘ng PTSR testidan o‘tkaziladi.

    Shu bilan birga, Tailand orqali boshqa mamlakatlarga yo‘l olgan tranzit yo‘lovchilarga emlash sertifikati kerak bo‘lmaydi.