Tailandda yuz bergan suv toshqini qurbonlari soni yetti nafarga yetdi

    Tailand janubida kuchli yomg'ir yog'di. Oqibatida so'nggi 50 yil ichida eng kuchli suv toshqini yuz berib, yetti kishi halok bo'ldi, bir kishi bedarak yo'qoldi.

    Tabiiy ofatdan Naratxivat, Yala, Songkxla, Pattani va Satun viloyatlaridagi 260 mingdan ortiq aholi jabr ko'rdi. Mahalliy hokimiyat vakillarining so'zlariga ko'ra, yog'ingarchilikning to'xtashi bilan daryolarda suv sathi pasayishni boshlagan, biroq hududdagi ko'plab yo'llar avtomobillar uchun o'tishga yaroqsizligicha qolmoqda.

    Suv toshqinidan zarar ko'rgan viloyatlar Tailanddagi mashhur sayyohlik yo'nalishlaridan uzoqda joylashgan. Jabrlangan sayyohlar haqida ma'lumotlar yo'q. Naratxivat va Yala viloyatlari Malayziya bilan chegaradosh, mazkur mamlakatning aholisi ham tabiiy ofat muammosiga duch kelgan, deb xabar beradi tass.ru.