баннер
7 Apr 2025
13:44

    Tailandning Pattaya shahrida ogʻir kasallikka chalingan yurtdoshimiz Oʻzbekistonga qaytarildi

    Bosh konsulxona Tailanddagi oʻzbekistonliklarni sogʻliklariga eʼtiborliroq boʻlishga chaqirdi.

    “Dunyo” AAning xabar berishicha, shu yil 3-mart kuni Oʻzbekiston fuqarosi I.S. Tailandning Pattaya shahrida insultga chalinishi natijasida shoshilinch tarzda kasalxonaga yotqizilgan.

    Vatandoshimiz ogʻir jarrohlik operatsiyasini boshdan kechirdi. Amalga oshirilgan muolajalarga qaramay, bemor tanasining chap tomoni ishlamay qoldi. I.S. Tailandga ishlash maqsadida kelgan, ammo tibbiy sugʻurta olmagan, shuningdek, ish beruvchi bilan mehnat shartnomasini ham tuzmagan. Ushbu holatlar tibbiy xarajatlarni toʻlashda qiyinchiliklar sabab boʻldi.

    Shunga qaramay, joriy yilning 28-mart kuni bemorning yaqinlari, doʻstlari va faol vatandoshlar saʼy-harakatlari bilan tibbiy xarajatlarni qoplash va “Uzbekistan Airways” milliy aviakompaniyasi samolyoti orqali bemorni oilasi bagʻriga qaytarish uchun zarur mablagʻ yigʻildi.

    Bunday holatlar koʻpayib borayotgani munosabati bilan mamlakatimizning Bangkokdagi Bosh konsulxonasi Oʻzbekiston fuqarolariga chet elga sayohat qilish yoki ishlash uchun ketayotganda tibbiy sugʻurta olish, shuningdek, ish beruvchi bilan mehnat shartnomasini tuzish zarurligini eslatib oʻtadi. Ushbu chora-tadbirlar favqulodda vaziyatlarda himoya va zarur yordam olishda asqatadi.

    Bosh konsulxona xorijda ogʻir ahvolda qolgan mamlakatimiz fuqarolariga konsullik-huquqiy yordam koʻrsatish ishlarini davom ettirmoqda. “Biz barcha fuqarolarni chet elda boʻlish vaqtida oʻz salomatligiga eʼtiborliroq boʻlishga chaqiramiz”, – deyiladi diplomatik vakolatxona manbasida.
    Telegram kanalimiz
    Text to speech