Tajriba almashishda hikmat ko'p

    Bundan koʻzlangan maqsad – harbiy oliy taʼlim muassasalarida yaratilgan shart-sharoitlar, oʻquv jarayonining tashkil etilishi, kursantlarning taʼlim olishlari va ilmiy-tadqiqot ishlarining olib borilishi bilan bogʻliq chora-tadbirlarni oʻrganish va oʻzaro tajriba almashish va ijobiy tajribalarni kelgusida FVV Akademiyasi oʻquv jarayoniga tatbiq etishdan iborat.

    Ish samaradorligini oshirishda oʻzaro tajriba almashish, takliflarni inobatga olish muhim oʻrin tutadi.

    Zero, fikr-mulohazalar asosida kirishilgan har qanday yumush ancha salmoqli boʻladi. Kasb doirasida oʻrnatilgan hamkorlik esa har ikki tomon uchun ham foydadan holi emas. Bu orqali yangi gʻoyalar, ishlanmalar, innovatsiyalar vujudga keladi.

    Shundan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari polkovnik Oʻlmas Muzafarov va boshqa masʼul xodimlar tomonidan alohida reja asosida respublikamizning nufuzli harbiy oliy taʼlim muassasalariga tashriflar amalga oshirilmoqda.

    Bundan koʻzlangan maqsad– harbiy oliy taʼlim muassasalarida yaratilgan shart-sharoitlar, oʻquv jarayonining tashkil etilishi, kursantlarning taʼlim olishlari va ilmiy-tadqiqot ishlarining olib borilishi bilan bogʻliq chora-tadbirlarni oʻrganish va oʻzaro tajriba almashish va ijobiy tajribalarni kelgusida FVV Akademiyasi oʻquv jarayoniga tatbiq etishdan iborat.

    Navbatdagi tashrif, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik institutiga amalga oshirildi. Polkovnik Oʻlmas Muzafarov boshchiligidagi FVV Akademiyasi masʼul xodimlariga Harbiy texnik instituti boshligʻining birinchi oʻrinbosari hamrohlik qilib, Harbiy-texnik instituti moddiy-texnik bazasi, u yerda kursantlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, oʻquv jarayonining tashkil etilishi, ilmiy-tadqiqot ishlarining olib borilishi bilan yaqindan tanishtirdi.

    Tanishuv jarayonida Institutda bitiruvchi kurs kursantlarining joylarda amaliyot oʻtish tartibi, undan koʻzlangan maqsad va erishiladigan natijalar, ilmiy jarayonlarga kursant va tinglovchilarni jalb etish usullariga alohida eʼtibor qaratilgan boʻlsa, aynan kursantlarning ilmiy ish natijalarini chop etish uchun moʻljallangan Institutning alohida Xabarnomasining nashr etilishi va undagi materiallar tanishuvchilarda katta qiziqish uygʻotdi.

    Xuddi shunday tashrif joriy yilning 12-aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar Akademiyasiga boʻldi.

    Mazkur tashrif davomida polkovnik Oʻlmas Muzafarov boshchiligidagi FVV Akademiyasi masʼul xodimlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar Akademiyasida oʻquv jarayonining tashkil etilishi, professor-oʻqituvchilar va kursantlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar oʻrganildi. Shuningdek, kursantlar uchun ishlab chiqarish amaliyotini yana-da samarali tashkil etish hamda oʻquv rejalaridagi fanlarning oʻzaro bogʻliqligi, ularning taqsimoti va hajmini belgilash kabi masalalar yuzasidan fikr almashildi.

    Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi xodimlarining Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar Akademiyasiga oʻzaro tajriba almashish maqsadida qilgan tashriflari ikki tomonlama samarali va foydali oʻtganligi, har ikki tomon kelgusida hamkorlikni davom ettirish va oʻzaro tajriba almashishdan umidvor ekanligi taʼkidlandi.

    Tashrif yakunlari boʻyicha oliy taʼlim tashkilotlari oʻrtasida oʻzaro hamkorlik qilish yuzasidan kelishuv va memorandumlar rasmiylashtirilishiga kelishib olindi.