Yaqinda TDTU Olmaliq filiali jamoasi yana bir tashabbus boshladi. Oliygoh ijtimoiy-maʼnaviy hayotida faol qatnashgan, yaxshi oʻqishi bilan namuna boʻlayotgan talabalar tahsil olgan maktab jamoasi va oʻquvchilari bilan “Talaba oʻqigan maktab” loyihasi doirasida uchrashuvlar oʻtkazish rejalashtirildi.
Ana shunday dastlabki uchrashuv Metallurgiya va kimyoviy texnologiyalar fakulteti 3-bosqich talabasi Bunyod Mahmudov taʼlim olgan Oʻrta Chirchiq tumani 47-maktabda tashkil etildi. Tadbirda filial va fakultet rahbariyati, ijodkor talabalar guruhi, “Ibrat” teatr truppasi aʼzolari maktab oʻqituvchilari va oʻquvchilari bilan uchrashdi.
Filial texnika yoʻnalishida faoliyat yuritsa-da, ijodkor talabalar rahbariyat va jamoa tomonidan har tomonlama qoʻllab-quvvatlanadi. Oliygohda jahon standartlari darajasida taʼlim berish uchun barcha imkoniyat bor, sharoitlar yetarli. Professor-oʻqituvchilar jamoasi yoshlarga mutaxassislik sirlarini oʻrgatish bilan birga har bir iqtidorli talabani eʼtibordan chetda qoldirmay, oʻqish, ilmiy yoʻnalishlar hamda ijod sohasida qoʻllab-quvvatlab kelmoqda.
Har bir taʼlim muassasasining eng katta kuchi, boyligi bu uning iqtidorli, ijodkor talabalaridir. Filialda oʻzining aʼlo oʻqishi, xorijiy tillarni egallagani, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borishi bilan Prezident stipendiatlari hamda nomdor stipendiyalar sohibi boʻlgan talabalar bor.
Tadbirda filial rahbari A.Samadov yoshlarning barkamol inson boʻlib voyaga etishishida ota-ona, ustozlar, bir soʻz bilan aytganda, jamiyatning qoʻllab-quvvatlashi juda muhimligini, yoshlarning kamol topishida kattalarning soʻzi, oʻrni, mehnati beqiyosligini taʼkidladi. Tadbirda ishtirok etgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati A.Nazirqulov bugun taʼlimdagi islohotlar, yoshlarga berilayotgan imkoniyatlar haqida soʻzladi.
Tadbir soʻngida maktab maʼmuriyati, oʻqituvchilari va Bunyod Mahmudovning ota-onasiga filial jamoasining tashakkurnomalari hamda kitoblar toʻplami taqdim etildi, deyiladi TDTU OF matbuot xizmati xabarida.