Andijon viloyatidagi oliy taʼlim muassasalarining birida tahsil olayotgan 1 kurs talabasi P.M. IIBga yordam soʻrab murojaat qildi.
Talaba qizning maʼlum qilishicha, u “Telegram” messenjerida “PANDA” nomli profil foydalanuvchisi bilan tanishib qoladi. Munosabatlari iliqlashgach, “PANDA” qizning sir saqlanishi lozim boʻlgan fotosuratlarini qoʻlga kiritadi. Soʻng rasmlarni ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatish va yaqinlariga yuborib, sharmanda qilishini aytadi. Bundan qilmasligi uchun evaziga 1.150.000 soʻm pul talab qiladi.
Oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, “PANDA” profili foydalanuvchisi Andijon shahrida yashovchi 28 yoshli M.A. ekani aniqlandi. P.M.ni qoʻrqitib, undan kimyoviy ishlov berilgan 1.150.000 soʻm pullarni olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olindi.
M.A.ga nisbatan OʻzR JKning 165-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Qonunga muvofiq, M.A. tomonidan sodir etilgan jinoiy harakatlar uchun uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.