Talabalar Fransiya tajribasini Buxoroda qoʼllamoqda

    Fransiyaning Ruan Normandiya universiteti hamda Buxoro Turizm va madaniy meros texnikumi oʼrtasida ilmiy hamkorlik aloqalari yoʼlga qoʼyilgan.

    Talabalar almashinuvini joriy etish va hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash maqsadida joriy yilning mart oyida Turizm va madaniy meros vazirligining bir guruh vakillari Frantsiyada boʼlib qaytishdi.

    Hamkorlik natijalariga koʼra, Ruan Nomandiya universitetidan 3 nafar bitiruvchi talaba yoshlar Buxoroga keldi va Buxoro Turizm va madaniy meros texnkumida amaliyot oʼtash bilan birga, Buxoro viloyatida yaratilishi moʼljallanayotgan yangi-yangi xizmatlar diversifikatsiyasi borasida oʼz takliflari bilan ishtirok etishmoqda.

    Misol tariqasida, Normandiyada tarixdan maʼlum boʼlgan vikinglar qishloqchasi mavjud boʼlib, bu joy hozirda Turizm qishlogʼi sifatida barpo etilmoqda. Oʼz oʼrnida Buxoro viloyatining Peshkoʼ tumani Аfshona qishlogʼida tashkil qilinayotgan turizm qishlogʼi ham frantsuz talabalarining tadqiqot mavzularidan oʼrin olgan. Frantsuz talabalari Frantsiya tajribasini qoʼllagan holda Turizm qishloqlari boʼyicha oʼz takliflarini kiritishmoqda.

    Umumiy qilib aytganda, talabalar Buxoro viloyatining turizm kelajagi uchun, frantsuz sayyohlari nuqtai nazaridan va talablaridan kelib chiqqan holda , oʼz takliflarini berishadi va unga asosan Buxoroda sayyohlar nazdi bilan qaraladigan infrastruktura barpo etiladi.