Qayd etilishicha, 2024-yilda oliy taʼlim muassasalari talabalari ishtirokida 761 ta jinoyat sodir etilgan boʻlsa, 2025-yilning 6 oyi davomida 102 ta oliy taʼlim muassasasining 307 ta talabasi tomonidan jinoyat sodir etilgani bu masalaga jiddiy eʼtibor qaratish zarurligini koʻrsatmoqda.
Xususan, jinoyatlarning asosiy qismini yoʻl-transport hodisalari, oʻgʻrilik, tan jarohati yetkazish, bezorilik, firibgarlik kabi jinoyatlari tashkil etgan.
Hududlar kesimida jinoyatlarning aksariyati Toshkent shahri, Toshkent, Buxoro, Namangan, Andijon, Samarqand, Fargʻona, Surxondaryo viloyatlariga toʻgʻri keladi.
Oliy taʼlim muassasalari kesimida esa jinoyatlarning koʻpchilik qismi Toshkent davlat transport universiteti, Oʻzbekiston milliy universiteti, Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hissasiga toʻgʻri keladi.
Ayrim oliy taʼlim muassasalarida taʼlim jarayonini muntazam nazorat qilish, talabalarning dars mashgʻulotlariga qatnashini yetarli darajada monitoring qilinmaganligi oqibatida talabalar tomonidan dars vaqtida, yaʼni soat 08:00 dan 16:00 gacha boʻlgan davr mobaynida jinoyatlar sodir etilgan.
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 9-sentyabrdagi “Respublika oliy taʼlim muassasalarida talabalarni turar joy bilan qamrab olish darajasini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 563-sonli qarorida tyutorlarni biriktirish tartibi belgilangan boʻlsada, ayrim oliy taʼlim muassasalari tomonidan ushbu talabga rioya qilinmagan.
Talabalarning yotoqxonalarga kirib-chiqishi, yashashi hamda tungi vaqtda boʻlishi ustidan nazorat yetarli darajada emas.
Bundan tashqari, soʻnggi yillarda oliy taʼlim sohasida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilayotganiga qaramay, sohada faoliyat yuritayotgan shaxslarga nisbatan korrupsiya holatlari boʻyicha qator jinoyat ishlari qoʻzgʻatilgan.
Bu esa, aholining haqli eʼtirozlari koʻpayishiga, adolatsizliklar yuzasidan fuqarolarning shikoyatlari soni keskin ortishiga sabab boʻlayotganligi senatorlar tomonidan tanqid qilindi.









