Talabalar turar joylari ko'rkam va shinam maskanga aylanadi

    Universitet kompusida talabalar uchun tun-kun xizmat qiladigan tarkibiy tuzilmalar mavjud bo'ladi.

    Toshkent davlat transport universitetiga respublika Transport prokurori Ma'rufxon Xojayev borib, universitet rektori Odil Abduraxmanov hamrohligida talabalar shaharchasidagi shart-sharoitlar bilan tanishdi.

    Universitet rektori va Transport prokurori samimiy suhbatida kelgusida talabalar turar joylari ko'rkam va shinam maskanga aylanishiga katta e'tibor qaratilishi bildirildi.

    1. Sotsial hududlar va ularning texnik ta'minoti

    Hamma zamonlarda ham ta'lim yotoqxonalarida sotsial hududlar — madaniy dam olish xonasi, oshxona, kir yuvish va quritish kabi xonalar mavjud bo'lgan. Universitet rektorining fikriga ko'ra, yotoqxonalarda sotsial hududlar shinam va har tomonlama talabalar uchun qulay bo'lishiga katta e'tibor qaratilmoqda. Suhbat davomida maishiy texnika bilan nafaqat ta'minlanishi, talabalar ehtiyojidan kelib chiqib maishiy texnika haridiga buyurtma berish masalalariga urg'u berildi. “Qizlarimizning orastaligi sabab dastlab talaba-qizlar yotoqxonasiga katta e'tibor qaratishimizga to'g'ri keldi”, — dedi universitet rektori.

    1. Talaba universitet hududida o'z uyiday yashashi va ta'lim olishi shart

    — Universitet tashkil etilgan kundan buyon talabaning erkinligi va mas'uliyatiga katta e'tibor qaratildi. SHu erkinlik va mas'uliyat talabalar turar joylarida ham bo'lishi zarur. 21:00 dan keyin, yotoqxona eshiklarini berkitib qo'yib, ularning erkinliklarini cheklamasligimiz kerak, — dedi universitet rektori. — Kelgusida universitet kompusida talabalar uchun tun-kun xizmat qiladigan tarkibiy tuzilmalar mavjud bo'ladi. Masalan, universitet kutubxonasi, oshxonasi va tibbiy xizmat kabilar. Talabalar universitet kompusidan chiqib ketmagan holda mavjud xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini yaratamiz. Talaba o'zini uydagiday his qilsagina, universitetni asraydi. Uydagi sharoit tufayli talabalarimiz ilmga, ta'lim olishga rag'bat topgan. Universitet yotoqxonalarida uy muhitini yaratishimiz shart.

    1. Talabalar turar joylarida kam ta'minlangan talaba bo'lmasligi choralarini qidirayapmiz

    Bugun universitet yotoqxonalarida 61 nafardan ziyod kam ta'minlangan oilalarning farzandlari yashab, ta'lim olmoqdalar. Yangi o'quv yilidan ushbu talabalarni universitetning bo'sh va talabalar bajara oladigan ish joylariga joylashtirish niyatim bor, deydi universitet rektori. Universitetda yangi ish o'rinlarini yaratish bo'yicha qator choralari ko'rilayapti.

    Transport prokurori va universitet rektorining do'stona muloqotidan va ikki rahbarning yotoqxona talabalari bilan bo'lgan suhbatidan yangi o'quv yilidan talabalarni qator qulaylik va sharoitlar kutayotganini angladik. Universitet kompusi ichida TTJlarni zarur kundalik mahsulotlar va o'quv qurollari bilan ta'minlash, ta'lim, madaniy va sport tadbirlari bilan talabalarning rivojlanishiga hissa qo'shish, tekin internet masalalari ham muhokamadan chetda qolmadi. eng muhimi bo'layotgan o'zgarishlarni avvalom bor talabalar his qilishi va qo'llab-quvvatlashlari zarurligi ta'kidlandi.

    Respublika Transport prokuraturasi rahbariyati va xodimlari ish haqlaridan ajratilgan mablag' evaziga olingan maishiy texnika anjomlari talaba-qizlar turar joyiga sovg'a qildilar. Respublika Transport prokurori Ma'rufxon Xojayev har doim iqtidorli va vatanimiz istiqboli uchun bilim olayotgan yoshlarni qo'llab-quvvatlashga prokuratura xodimlari tayyor ekanligini bildirdi.

    Toshkent davlat transport universiteti axborot xizmati