Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining maʼlum qilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ushbu xabarlar haqiqatga toʻgʻri kelmaydi va notoʻgʻri talqin etilmoqda.
Vazirlikning taʼkidlashicha, nizom loyihasida talabalar uchun yagona forma joriy etilishi yoki majburiy tartibda talab etilishiga doir hech qanday norma mavjud emas.
Aksincha, oliy taʼlim muassasalari oʻzining tarixi, vazifasi, madaniy qadriyatlari va hududiy xususiyatlaridan kelib chiqqan holda, oʻziga xos korporativ uslub va ramzlarini ishlab chiqish huquqiga ega. Bunga taʼlim tashkilotlarining individual imijini shakllantirishga qaratilgan tashabbus sifatida qaralishi lozim. Shu bilan birga, estetik, gigiyenik yoki tashqi koʻrinishga oid tavsiyalar faqat ixtiyoriy xarakterga ega boʻlib, ularni joriy etish yoki qoʻllashning amaliy jihatlari har bir taʼlim muassasasining ichki qarorlariga bogʻliq. Yaʼni, mazkur Nizom loyihasi doirasida maxsus forma joriy etish yoki uni majburiy tartibda talab qilish umuman nazarda tutilmagan, — deyiladi vazirlik xabarida.
Shu bilan birga, korporativ uslub va brend elementlari (logotip, rang sxemasi va h.lar) shakllantirish tashabbusi universitetlarni nafaqat mahalliy, balki xalqaro maydonda ham samarali targʻib etish, ularning raqobatbardoshligini oshirish hamda nufuzini mustahkamlashga xizmat qiladi. Bunday yondashuv dunyo tajribasida ham taʼlim muassasalarining marketing strategiyasining muhim qismi sifatida qaraladi, deya qoʻshimcha qiladi vazirlik.
Oliy taʼlim tashkilotlarida har bir talabaning shaxs sifatidagi erkinligi va huquqlari Konstitutsiya va amaldagi qonunchilikka muvofiq himoya qilinadi, — deyiladi xabarda.







