Talabalar xavfsizligi nazoratga olinadi, muammolari hal boʻladi

    2021-yilning “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb nomlanishi hamda shu asosda davlat dasturi qabul qilinishi ham yurtimizda yoshlarga boʻlgan eʼtiborning qay darajada yuksak ekanini namoyon etadi. 

    Davlatimiz rahbari joriy yil boshidan buyon yoshlar masalalari boʻyicha 3-marta yigʻilish oʻtkazdi. Bu yigʻilishlarda yoshlar hayotiga doir muammolarni zudlik bilan hal qilish, ularning bandligini taʼminlash, qiziqishlari, intilishlarini qoʻllab-quvvatlash yuzasidan qator topshiriqlar berilgan edi.

    Mana shu yigʻilishlarda koʻtarilgan masalalar, aniq vazifalarning huquqiy asoslari Prezidentimiz kuni kecha imzolagan ikki tarixiy hujjat – “Yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va bandligiga koʻmaklashish, ularni ijtimoiy himoya qilish hamda boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmon hamda “Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari faoliyatini tashkil etish hamda yoshlarning tadbirkorlikka oid tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorda oʻz aksini topdi.

    Sardorbek USMONOV, oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining axborot siyosati masalalari boʻyicha maslahatchisi – matbuot kotibi:

    — Talabalarni turar joy masalasi har doim qiynab kelgan. Nihoyat davlatimiz rahbarining yoshlarga boʻlgan eʼtibori doirasida shu muammo ham oʻz yechimini topadigan boʻldi.

    Shu kunlarda oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan yoshlarning 58 ming nafari yotoqxonalarda yashaydi, 102,4 ming nafari esa ijarada turadi. Farmon bilan 2025-yilgacha 92,5 ming talabaning yotoqxona bilan taʼminlanishi koʻzda tutilmoqda.

    Shuningdek, 2021-yil 1-maydan eʼtiboran yotoqxona bilan taʼminlanmagan talabalarning 60 foiziga har oyda ijara toʻlovining 50 foizi davlat byudjetidan qoplab beriladi. Bu Toshkent shahrida 245 ming soʻmga toʻgʻri kelsa, qolgan hududlarda 122 ming soʻmdan oshmaydi.

    Bundan tashqari, har bir oliy taʼlim muassasasi oʻz talabasining qaysi manzilda yashayotganini aniqlab borish uchun reyestr tuzadi. Bu orqali talabalarning xavfsizligi nazoratga olinadi, muammolari hal boʻladi.

    Endi mutasaddilar yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash borasidagi imkoniyatlarni yana-da kengaytirish va bandligini taʼminlash boʻyicha ishlarni yangi mexanizm asosida tashkil qiladi.

    Bu tizimda xalqqa ham, tashkilotlarga ham maʼqul boʻladigan bir qancha imtiyozlar belgilangan. Shu bilan birga, qaror bilan bir qancha imkoniyat va imtiyozlar berildiki, unga koʻra, yoshlar sanoat zonalarida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari muayyan tartibda moliyalashtiriladi.

    Yurtimizda yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish, ularning bandligiga koʻmaklashish, tadbirkorlik boʻyicha gʻoya va tashabbuslarini ragʻbatlantirish, munosib daromad olishi uchun qoʻshimcha shart-sharoit yaratishga katta eʼtibor qaratilmoqda.

    Mazkur hujjatlar bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.